So‘ralgan buyum o‘rniga xususiyati boshqacha bo‘lgan buyum berib yuborilganligi sabab 750 ming so‘m iste’molchiga qaytarildi

So‘ralgan buyum o‘rniga xususiyati boshqacha bo‘lgan buyum berib yuborilganligi sabab 750 ming so‘m iste’molchiga qaytarildi

Xaridor do‘kon yoki dorixonaga kirganda, o‘z ehtiyojiga mos tovarni so‘raydi va sotuvchi yoki farmasevt unga aynan so‘ralgan mahsulotni taqdim etishiga ishonadi. Ammo ba’zan iste’molchining so‘rovi bilan unga amalda berilgan tovar o‘rtasida farq bo‘lib chiqishi mumkin. Bunday vaziyatda masala shunchaki «tovarni qaytarish mumkinmi?» degan savol bilan cheklanmaydi. Iste’molchiga tovar haqida qanday ma’lumot berilgani va aynan qaysi tovarni xarid qilish niyati bo‘lgani ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Farg‘ona shahridagi dorixona bilan bog‘liq holat ham shu jihatdan e’tiborga loyiq. Hujjatlarga ko‘ra, fuqaroning turmush o‘rtog‘i dorixonaga kelib, elektr tarmog‘idan mustaqil ishlaydigan ingalyator apparat so‘raydi. U apparatni sotib olishdan oldin yana bir bor aniqlik kiritish maqsadida turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qiladi va telefonni farmasevtga beradi. Telefonda farmasevtga aynan qanday apparat kerakligi tushuntiriladi. Farmasevt esa dorixonada shunday apparat borligini tasdiqlaydi.

Biroq shundan keyin iste’molchining turmush o‘rtog‘iga u so‘ragan apparat emas, kompressorli ingalyator beriladi. Tibbiy buyum xonadonga keltirilib, buyurtma qilgan shaxs qo‘liga topshirilgach, u so‘ralgan mahsulotdan boshqa mahsulot berib yuborilganligini ko‘rib, apparatni dorixonaga qaytarib olib keladi.

Muammo shu bilan hal bo‘lib qolmaydi. Dorixonadagilar apparatni qaytarib olishadi, ammo iste’molchiga uning uchun to‘langan pulni darhol qaytarish o‘rniga, «qachonki sotilsa, pulingizni qaytara olamiz», degan mazmunda javob berishadi. Iste’molchi esa kutadi. Bir hafta o‘tadi. Ikki hafta o‘tadi. Bir oy o‘tadi. Ammo mablag‘ qaytarilmaydi. Oradan qariyb bir yarim oy vaqt o‘tgach esa, fuqaro Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qiladi.

Fuqaroning murojaati Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilishi jarayonida jamiyat xodimlari Farg‘ona shahrida joylashgan dorixonada bo‘lib, dorixona mas’ullariga murojaatda ko‘tarilgan masala yuzasidan tegishli tushuntirish ishlarini olib borildi. Natijada iste’molchining talabi ijobiy hal etildi. Iste’molchiga sotilgan kompressorli ingalyator dorixonaga qaytarildi va uni xarid qilish uchun to‘langan 750 ming so‘m mablag‘ fuqaroga to‘liq qaytarib berildi.

Bu yerda asosiy masala — dori emas, noto‘g‘ri berilgan tovar bo‘lganligi sababli mazkur voqeani tahlil qilganda muhim bir jihatga e’tibor qaratish kerak. Gap shunchaki «iste’molchiga apparat yoqmadi» yoki «keyin fikridan qaytdi» degan holat haqida emas.

Iste’molchi muayyan xususiyatga ega ingalyatorni so‘ragan, farmasevt esa telefon orqali bu talabni eshitgan va dorixonada shunday apparat borligini aytgan. Ammo amalda iste’molchiga boshqa turdagi — kompressorli ingalyator berilgan. Shu sababli ushbu holatga huquqiy baho berishda «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasi muhim ahamiyatga ega.

Mazkur moddaga ko‘ra, agar tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovarning sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilish va o‘ziga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Ya’ni iste’molchining talabi aynan so‘ralgan tovar bilan amalda berilgan tovar o‘rtasidagi farq va tovar haqidagi ma’lumotning to‘g‘ri taqdim etilgan-etilmagani nuqtai nazaridan baholanishi kerak.

Qonunning 6-moddasida ishlab chiqaruvchi, ijrochi yoki sotuvchi iste’molchiga realizasiya qilinayotgan tovar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilangan. Qonun iste’molchiga tovarning sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqini ham beradi. Sotuvchi esa zarurat bo‘lganda tovarni ishlatib ko‘rsatishi va undan xavfsiz hamda to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi shart.

Bu talablar ayniqsa tibbiy maqsadda foydalaniladigan qurilmalar uchun muhim. Chunki iste’molchi apparatning tashqi ko‘rinishiga qarab uning funksional xususiyatlaridagi farqni har doim ham mustaqil ravishda aniqlay olmasligi mumkin. Shu sababli sotuvchi yoki farmasevtdan berilgan ma’lumotning to‘g‘riligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu yerda yana bir muhim jihat bor.

Iste’molchi apparatni dorixonaga qaytarib kelganidan keyin unga «sotilsa, pulingizni qaytaramiz» deb, mablag‘ni bir yarim oy davomida qaytarmaslik masalasi yuzaga kelgan.

Agar tovar iste’molchiga so‘ralgan xususiyatdagi tovar sifatida taqdim etilmagan va bu holat tovar haqidagi noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumot bilan bog‘liq bo‘lsa, masalani oddiy «tovar sotilgandan keyin pulni qaytaramiz» degan shartga bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri huquqiy yondashuv emas. Zero, Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan holatda iste’molchining shartnomani bekor qilish va zararni qoplashni talab qilish huquqi mavjud.

Bu voqeadan har bir xaridor o‘zi uchun muhim xulosa chiqarishi mumkin. Agar sizga ma’lum bir xususiyatga ega tovar kerak bo‘lsa, tovarning nomini emas, aynan uning muhim xususiyatlarini aniq ayting.

Masalan:

«Menga elektr tarmog‘idan mustaqil ishlaydigan ingalyator kerak», degan talab bilan «Menga ingalyator bering», degan talab bir xil emas. Ikkinchi holatda sotuvchi turli turdagi ingalyatorlardan birini taklif qilishi mumkin. Birinchi holatda esa iste’molchi uchun muayyan xususiyat prinsipial ahamiyatga ega.

Shuning uchun:

— tovarning aniq xususiyatini ayting;
— sotuvchi aytgan ma’lumotni qayta aniqlashtiring;
— tovarni olishdan oldin uning nomi va modelini tekshiring;
— imkoni bo‘lsa, tovarning tashqi ko‘rinishi va texnik xususiyatlarini hujjatlari bilan solishtiring;
— chekni albatta saqlang;
— telefon orqali berilgan buyurtma yoki ma’lumotlarni tasdiqlovchi yozishmalar bo‘lsa, ularni ham saqlab qo‘ying.

Farg‘ona shahridagi mazkur holatda iste’molchi elektr tarmog‘idan mustaqil ishlaydigan ingalyatorni so‘ragan, farmasevt esa shunday apparat borligini aytgan. Ammo amalda unga kompressorli ingalyator berilgan. Iste’molchi tovarni qaytargan, biroq mablag‘i darhol qaytarilmagan. Oradan bir yarim oyga yaqin vaqt o‘tgach, u Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaat o‘rganilishi natijasida 750 ming so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilgan.

Bu holatda masalaning mohiyatini «dori vositalari, shuningdek tibbiy buyumlar qaytarilmaydi» degan umumiy qoida bilan tushuntirish to‘g‘ri emas. Chunki bu yerda asosiy masala — iste’molchi so‘ragan tovarning xususiyatlari bilan unga amalda berilgan tovarning farq qilishi va tovar haqida to‘g‘ri ma’lumot berilgan-berilmagani.

Qonun iste’molchini aynan shunday holatlarda ham himoya qiladi: tovar haqida noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumot sababli iste’molchi zarur xususiyatlarga ega bo‘lmagan tovarni sotib olgan bo‘lsa, u shartnomani bekor qilish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

Demak, xaridda eng muhim qoida — «nima so‘raganingizni aniq ayting, nima olganingizni esa albatta tekshiring».

Отправить комментарий