So‘z ko‘krak nishoni sohiblariga: Baxodirxon Usmonov — Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi

So‘z ko‘krak nishoni sohiblariga: Baxodirxon Usmonov — Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan «Iste’molchi huquqlari himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganimni katta hurmat va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilaman. Men uchun ushbu ko‘krak nishoni Federatsiya tizimida ko‘p yillar davomida olib borgan mehnatim, iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini tashkil etish borasidagi faoliyatimga berilgan munosib bahodir.

Bugun mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasiga tobora katta e’tibor qaratilayotgani, bu boradagi qonunchilik takomillashib, iste’molchilarning huquqiy himoya mexanizmlari kengayib borayotgani quvonarli. Iste’molchilik ijtimoiy harakatini rivojlantirish, fuqarolarning huquqiy savodxonligi va iste’mol madaniyatini yuksaltirish, aholining murojaatlari bilan ishlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bugungi kunning muhim vazifalaridandir. Federatsiya tizimidagi ko‘p yillik faoliyatim davomida Furqat, So‘x, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik, Buvayda va O‘zbekiston tumanlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari faoliyatini tashkil etish, aholi bilan ishlash va huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni yo‘lga qo‘yishda ishtirok etganman.

«Iste’molchi huquqlari himoyachisi» ko‘krak nishonini men uchun faoliyatimning yakuniy natijasi emas, balki yanada mas’uliyat bilan mehnat qilishga undaydigan rag‘bat, deb bilaman. Bundan keyin ham o‘z tajribam va bilimlarimni soha rivojiga, yosh mutaxassislarga ustozlik qilishga, iste’molchilarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirishga harakat qilaman. Zero, iste’molchi huquqi himoyalangan, o‘z huquqini biladigan va qonunga ishonadigan fuqaro — huquqiy demokratik jamiyatning muhim tayanchidir.

Отправить комментарий