So‘z ko‘krak nishoni sohiblariga: Ma’rifatxon Saidova — Qo‘shtepa tuman jamiyati raisi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan «Iste’molchi huquqlari himoyachisi» ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilganim men uchun katta sharaf va mas’uliyatdir. Bu e’tirofni, avvalo, ko‘p yillar davomida iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida mehnat qilib kelayotgan soha xodimlarining umumiy mehnatiga berilgan baho sifatida qabul qilaman.
Bugun mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida mustahkam huquqiy baza shakllangani, fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishi va ulardan foydalanishiga katta e’tibor qaratilayotgani quvonarli. Iste’molchilik ijtimoiy harakatining rivojlanishi, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot va iste’mol madaniyatini yuksaltirish, murojaatlarni o‘rganish hamda buzilgan huquqlarni tiklash borasidagi ishlar bugun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qo‘shtepa tumanida ham yillar davomida huquqiy-ma’rifiy tadbirlar, o‘quv seminarlari va davra suhbatlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Ushbu ko‘krak nishonini men uchun yangi marra va yanada katta mas’uliyat, deb bilaman. Bundan keyin ham aholi bilan yaqin muloqotda bo‘lib, iste’molchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va mamlakatimizda iste’molchilik harakatini yanada rivojlantirish yo‘lida sidqidildan mehnat qilishga harakat qilaman. Zero, iste’molchining huquqi ta’minlangan jamiyatdagina adolat, qonuniylik va ishonch muhiti yanada mustahkam bo‘ladi.



Отправить комментарий