Moliyaviy taʼsir chorasi qo`llanilishi bo`yicha ogohlantirish ish berdi

Moliyaviy taʼsir chorasi qo`llanilishi bo`yicha ogohlantirish ish berdi

Bag`dod tumani Quyqa qishlog`ida yashovchi fuqaro Q. А. ning tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya jamiyatiga murojaati o`rganib chiqildi. Murojaatda u xonadoniga kirish qismiga o`rnatish uchun Cho`rindi qishlog`ida yashovchi hunarmand usta E. F. ga temir darvozaga buyurtma berganligi va buyurtma qyimatini to`liq, yaʼni 6 800 000 (olti million sakkiz yuz ming) so`m naqd pulda oldindan to`lab ham qo`yganligini, lekin shunga qaramasdan usta tomonidan buyurtma bo`yicha ishlar bajarilmasdan kelayotganligini bildirgan.

— O`zim tirikchilik sabab Toshkent shahrida ishdaman. Pulini to`lab qo`ygan bo`lsamda, usta xonadonim kirish qismiga haligacha darvozani o`rnatib bermaganligi, oilamning xavfsizligi uchun doimiy xavotirda qolishimga sabab bo`layapti, — deydi u murojaatida. – Shu sababli mazkur murojaatimni tez muddatlarda o`rganib chiqib, ijobiy hal qilishda amaliy yordam ko`rsatsangiz.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 19-moddasiga ko`ra, ijrochi shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi shart. Аgar ijrochi shartnomani ijro etishga o`z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo`lib qolsa, isteʼmolchi ishni bajarish to`g`risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Shuningdek, ish bajarishni boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi isteʼmolchiga har bir kechiktirilgan kun uchun ish yoki buyurtma qiymatini bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to`laydi.

Ustaga qonunning mazkur talablari, shuningdek ishni bajarishni kechiktirish kuniga buyurtma qiymatining bir foizi, yaʼni 68 000 (oltmish sakkiz ming) so`mdan neustoyka (penya) hisoblanishiga va uning tomonidan ishni topshirish jarayonida isteʼmolchiga to`lab berilishiga sabab bo`lishi tushuntirilgach, u buyurtma bo`yicha ishni oxiriga yetkazishga zudlik bilan kirishib, darvozani belgilangan joyga o`rnatib qo`ydi.

Hurmatli tadbirkor va ishbilarmonlar, unutmang! Isteʼmolchilarga tovarlar sotish, xizmatlar ko`rsatish, ishlar bajarish jarayonida shartnoma shartlariga amal qilmaslik, undagi majburiyatlarni to`liq yoki umuman ado etmaslik, ishlarni bajarishni paysalga solish va boshqa shu kabi holatlar amaldagi isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunlarga asosan, isteʼmolchi tomonidan Sizga nisbatan neustoyka (penya)larni qo`llanilishiga va buning natijasida muayyan mablag`ni yutqazib qo`yishingizga olib keladi. Qonunlardan yaxshi xabardor bo`lgan, huquqiy bilimli isteʼmolchi esa bu borada Sizni anchagina qiynab qo`yishi turgan gap.

Dilorom Mirzaeva

Bag`dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий