Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun bugungi kun talablariga javob bera olayaptimi?
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik deganda, albatta, bir qator qonunlar va qonunosti me’yoriy hujjatlari tushuniladi. Lekin bizning bugungi tadqiqotimiz 1996 yilning 26 aprelida qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi (221-I-sonli) qonun bilan bog‘liqdir (quyida matnlarda “Qonun” deb yuritiladi).
O‘tkaziladigan tadqiqot sohada uzoq yillardan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mutaxassislar bilan suhbat hamda shaxsiy kuzatuvlar asosidagi fikr va mulohazalarga asoslanadi. Sababi o‘zim ham 2006 yildan buyon mazkur sohaga daxldor idoralarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqdaman.
O‘tgan yillar ichida yuqorida nomi zikr etilgan 30 ta moddadan iborat Qonunga o‘n marotabadan ortiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan, O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 25 aprelidagi O‘RQ-405-sonli qonuni bilan 27 prim 1-moddasi qo‘shilgan bo‘lsada, Qonun o‘zining birlamchi tahrirdagi asosiy mazmun va mohiyatini saqlab qolgan.
O‘tkaziladigan tadqiqot doirasida o‘zimning bu boradagi bir necha shaxsiy fikr va mulohazalarimni bildirib o‘tsam.
Qonunning 1-moddasida iste’molchiga berilgan ta’rifda, foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs) deyiladi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Bankka omonatga pul qo‘ygan shaxs, shaxsiy tomorqasida hosil yetishtirib daromad ko‘rishni ko‘zlagan holda ketmon, belkurak va boshqa asbob-anjomlarni sotib olgan shaxs, savdo do‘koni faoliyatini yanada kengaytirish, ijtimoiy tarmoqlarda turli sahifalarni ochib, faoliyatini reklamasini ta’minlash maqsadida foydalanish uchun so‘ngi markadagi smartfon sotib olgan shaxs foyda chiqarib olishni ko‘zlamaydimi? Axir yuqoridagi misollarda pul, ketmon, smartfon foyda chiqarib olish quroli vazifasini o‘taydiku.
Shu nuqtai nazardan, menga Rossiyaning tegishli qonunida keltirilgan ta’rif haqiqatga mosroqdek tuyuladi. Uning matni mazmuni esa quyidagicha: iste’molchi — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda, faqat shaxsiy, oilaviy, uy-ro‘zg‘orda va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun tovar (ish, xizmat)larni sotib oluvchi, buyurtma beruvchi yoki shu niyatda bo‘lgan yoxud undan foydalanayotgan fuqarodir.
Yana bir narsa, agar Qonunimizning amaldagi tahriridagi iste’molchi ta’rifiga sinchiklab nazar solinsa, u yerda sotib oluvchi, buyurtma beruvchi yoki shu niyatda bo‘lganlarning o‘zigina aksini topganligini, tovarni sotib olib amalda “foydalanayotganlar” e’tibordan chetda qolib ketganligini ham ko‘rish mumkin.
Qonunning birlamchi tahriridagi 4-moddasida iste’molchilarning 6 ta asosiy huquqlari, ya’ni ma’lumot olish, erkin tanlash, xavfsizlikka bo‘lgan huquq, yetkazilgan moddiy ziyon va ma’naviy zararning qoplanishi, sudga va boshqa davlat organlariga murojaat etish, jamoat birlashmalarini tuzish huquqlari qatoridan iste’molchining bilim va ta’lim olish huquqiga negadir hali-hanuz o‘rin berilmayapti. To‘g‘ri, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarori bilan iste’molchining bilim va ta’lim olish huquqi ta’minlab berilishi ko‘zda tutilgan, lekin bu norma nega asosiy qonunda o‘z aksini topmasligi kerak?
Qonunning 5-moddasida ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ga o‘zi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi shartligi bo‘yicha bir qator majburiyatlar yuklatilgan bo‘lsada, mazkur majburiyatlarni bajarmaslik keltirib chiqaradigan aniq huquqiy ta’sir choralariga aniqlik kiritilmagan. Shuningdek, taqdim etiladigan ma’lumotning tili bo‘yicha talablar ham ochiq qolgan.
6-moddada tovar (ish, xizmat)lar to‘g‘risidagi beriladigan ma’lumotlar bo‘yicha talablar keltirilgan bo‘lib, mazkur moddaning ikkinchi qismi uchinchi xatboshisida “bahosi (tarifi)” degan jumlalar bor. Yana Rossiya misoliga qaytsak, ana shu jumla ularning qonunchiligida “sena v rublyax”, ya’ni rubldagi bahosi tarzida keltiriladi va bu bilan, meni nazarimda, Rossiya hududida milliy pul birligining nomi rublliga alohida urg‘u beriladi. Nega biz shu joyda “so‘mdagi bahosi (tarifi)” degan jumla ishlatib, milliy birligimiz “so‘m”ligini ta’kidlab o‘tishdan cho‘chiymiz?
Shu joyda o‘z shaxsiy fikr-mulohazalarimni bildirishdan to‘xtab, bir-ikkita mutaxassisning bu boradagi fikrlariga o‘rin bersam.
Baxodirxon Usmonov – Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati bosh mutaxassisi, tizimda 2003 yildan buyon ishlaydi:
— Birinchi navbatda, mamlakatimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha alohida qonunning mavjudligini e’tirof etib o‘tish kerak. Eshitishimcha, dunyoda bu borada alohida qonuniga ega bo‘lmagan, qonunning tegishli normalari qaysidir qonunlarni ichida aks etgan davlatlar ham bor ekan. Lekin gap hozir bu haqda emas. Tizimda uzoq yillardan buyon ishlayman. Adashmasam mamlakatimizda bank plastik kartochkalari 2005 yillardan joriy etila boshlagandi. O‘tgan yillar davomida ana shu bank kartochkalaridan to‘lov qilinganda naqd puldagi to‘lovga qaraganda boshqacharoq narxlar belgilash holatlariga ham guvoh bo‘lindi. To‘g‘ri, bunga tomoshabin bo‘lib qarab o‘tirilmadi, davlat idoralari va tizimimiz tomonidan bu salbiy holatlarga qarshi kurash olib borildi, lekin o‘shanda bugun shaharning bu burchagida, ertaga u burchagida bunaqa holatlar sodir bo‘lib turgandi. Bugun bunday holatlar yo‘q hisobi. Aytmoqchi bo‘layotganim, Siz bilan biz hozir muhokama qilib turgan Qonunga hali-hanuz bank plastik kartochkalari bo‘yicha normalar kiritilgani yo‘q. Amaldagi Qonunning 10-moddasi aynan tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli va tartibini belgilaydi. Boshqa davlatlar tajribasidan kelib chiqib, shu moddaga har xil to‘lov vositalari bilan pul to‘langanda, bir xil tovarga har xil narx belgilashni taqiqlovchi normalarni kiritish kerak.
O‘zim iste’molchilar jamoat birlashmasida ishlashim sababli, menga Qonunning 4 va 30-moddalari qadrdondek, chunki bu moddalarda iste’molchilar o‘z huquq va manfaatlarini himoyasini ta’minlash maqsadida iste’molchilar jamoat birlashmalariga birlashishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Lekin Qonun qabul qilinib, oradan salkam 25 yil vaqt o‘tgan bo‘lsada, unda ana shu iste’molchilar jamoat birlashmalarining huquqlarini belgilab beruvchi normalar o‘z aksini topmay kelmoqda. Menimcha, bugungi kun talablari, yurtimizda jamoatchilik nazoratini yanada rivojlantirish borasidagi vazifalar mazkur qo‘shimchalarni ham tezkorlikda kiritilishiini talab qilmoqda.
Faxriddin Boynazarov – O‘IHHQJ Federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi huquqiy himoya sektori boshlig‘i:
— Tizimda fuqaro (iste’molchi)larning murojaatlari bilan ishlashim bois, amaliyotda hamkasblarim faoliyatiga biroz qiyinchilik tug‘dirayotgan ayrim holatlarni aytib o‘tsam.
Qonunning 14 (nuqsonli tovarni almashtirish), 15 (bepul ta’mirlash), 19 (ish bajarish, xizmat ko‘rsatishda shartnoma shartlari buzilishi)-moddalarida sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi)lar tomonidan belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik yoki vaqtida bajarmaslik bilan bog‘liq holatlar o‘zini aksini topgan. Bunda iste’molchi talabni qo‘ygan kundan e’tiboran o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun neustoyka (penya) hisoblab borilishi belgilab qo‘yilgan. Lekin iste’molchilarimiz mazkur imkoniyatdan foydalana olishlari uchun neustoyka (penya)ni hisoblab boriladigan sanani (nuqtani) belgilab olish kerak bo‘ladi. Buning uchun esa iste’molchi sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi)ga yozma ravishda murojaat qilishi talab etiladi. Yurtimiz aholisida esa yozma (bu yerda ariza, shikoyat bilan emas, balki qonuniy huquqlarini talab qiluvchi e’tiroz xati bilan) murojaat qilish odati shakllanmagan. Iste’molchining sotuvchi huzuriga kelib, og‘zaki ravishda e’tirozini bildirib ketganligini esa sotuvchi biror joyga qayd qilib qo‘ymaydi. Demak, og‘zaki murojaat kunini neustoyka (penya) hisoblash nuqtasi sifatida belgilab olish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Qonunning 18-moddasiga binoan, iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli. Lekin qonunning amaldagi tahririda iste’molchiga pul qaytariladi, degan norma bo‘lsada, pulni qachon qaytariladi, darholmi yoki sotuvchi hohlagan paytdami, yoki sotuvchi qachon tovarni sotgandami, degan holatga aniqlik kiritilmagan. Qonunning esa tili ravon, aniq, tushunarli va pichog‘i keskir bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shu sababli, ushbu holatni amaldagi Fuqarolik kodeksi talablaridan kelib chiqib, sotuvchi pulni darhol qaytarib berish choralarini ko‘rishi lozimligi, agar majburiyatni darhol bajarish vazifasi shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, bunday majburiyatni iste’molchi talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shartligi bo‘yicha norma bilan boyitilsa, bu boradagi tushunmovchiliklarni oldi olingan bo‘lar edi.
Bugun yurtimizda jamiyat hayotining barcha sohalarida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Kecha biz uchun amalga oshib, yechim topishi qiyinday ko‘ringan ko‘plab muammolar sohaning asosiy qonuniga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi bilan o‘z yechimini topib ketmoqda. Qonun normasi yaxshi yoki talab darajasida ishlamasa yoxud yillar o‘tishi bilan ma’naviy eskirgan bo‘lsa, uni zamon ruhi bilan boyitish, bugungi kun talabiga moslash esa qiyin ish emas.
Men shu o‘rinda, mutaxassislarga bildirilgan qimmatli fikrlari uchun o‘z minnatdorchiligimni izxor qilgan holda, bu borada olib borilayotgan mustaqil tadqiqotlarim hali davom etishini eslatib o‘tmoqchiman.
G‘ayrat Mamatqulov
Mustaqil tadqiqotchi
1 комментарий