Qarzdorlik mavjud, lekin da’vo qilingan summada emas
Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «O‘raboshi» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro M.O. ning tuman prokuraturasiga qilgan murojaati masalaning tegishliligi bo‘yicha o‘rganildi.
— Ichimlik suvi uchun to‘lovlarni to‘lab kelaman, barcha to‘lov xujjatlari mavjud. Lekin hozirda menga 135 000 so‘m qarzdorlik chiqarishmoqda. Aslida bir vaqtlar menga qarzdorlik yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma ham berilgan. Shu masalada amaliy yordam berishingizni so‘rayman, — deydi fuqaro yozma murojaatida.
Murojaatda ko‘rsatilgan vajlarga aniqlik kiritish maqsadida iste’molchi bilan qo‘shimcha suhbat jarayonida u xonadonida to‘rt jon yashashligi, ichimlik suvini 2022 yilning yanvar oyiga qadar ko‘cha kolonkasidan tashib iste’mol qilganligi, shu oydan boshlab esa xonadoniga suv tarmog‘i tortilib, hisoblash uskunasi o‘rnatgan holda foydalanib kelayotganligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 2021 yilning 13 mart kunidagi 241974-sonli to‘lov hujjati bilan to‘lagan 60 000 so‘m to‘lovi ichimlik suvi ta’minoti korxonasidagi shaxsiy hisob raqamiga tushmaganligini ham qo‘shimcha qildi.
O‘rganish ishlari jarayonida iste’molchi xonadoniga 2022 yil yanvar oyida suv hisoblash uskunasi o‘rnatilgan vaqtda xonadonning to‘lovlardan 165 300 so‘m qarzdorligi qolganligi, 2023 yil may oyiga kelib 100 000 so‘m to‘lovni amalga oshirganligi qayd qilindi. Shularni inobatga olgan holda o‘tkazilgan qayta hisob-kitob ishlari xonadonda 102 450 so‘m qarzdorlik qolganligini ko‘rsatdi. 2021 yilning mart oyida to‘lagan 60 000 so‘m to‘lovi esa tashkilotning sobiq nazoratchisi tomonidan korxona hisob raqamiga kirim qilinmagan bo‘lib chiqdi. O‘rganish ishlari davomida mazkur summa iste’molchining shaxsiy hisob raqamiga qayd qildirilib, iste’molchiga haqiqatda qolgan 42 450 so‘m qarzdorlikni bartaraf etishi lozimligi tushuntirildi.
Feruza Umurzaqova,
Quva tuman jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий