Iste’molchi murojaatini o‘rganish yakunlari bo‘yicha Federatsiya xodimlariga minnatdorchilik bildirdi

Iste’molchi murojaatini o‘rganish yakunlari bo‘yicha Federatsiya xodimlariga minnatdorchilik bildirdi

Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «To‘da» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi B.N.ning xarid qilingan tovarning nuqsonli chiqqanligi yuzasidan murojaati o‘rganildi.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, u joriy yilning iyun oyida tuman hududida faoliyat olib borayotgan “Dunyo” kredit savdo do‘konidan “M040 25” rusumli uch g‘ildirakli velosipedni tovar qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qiladi. Velosipedning umumiy qiymati 1 746 000 so‘m bo‘lgani holda u tovarning 1 085 000 so‘m qismini oldindan to‘lab ham qo‘yadi. Iste’molchi ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan transportirovka qilingan, yig‘ilmagan holdagi velosipedni olib ketib, uni foydalanishga tayyor holga keltirish uchun ustaga olib borganida velosipedni orqa harakatlantiruvchi o‘qlari bir-biriga qarama-qarshi holdaligi va boshqaruv ruli tagida singan joyi hamda o‘tirg‘ichida nuqsonlar mavjudligi aniqlanadi. Shu paytning o‘zida do‘konga murojaat qilib holatni tushuntirganida sotuvchi tomoni masalani hal qilib, uning qonuniy talablarini bajarilishini paysalga soladi. Iste’molchi mazkur masalani qonuniy hal qilinishida amaliy yordam so‘rab tuman jamiyatiga murojaat qiladi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni hamda uning asosida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ga ko‘ra, sotuvchi oldi-sotdi jarayonida iste’molchiga maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyatiga ega. Agar ushbu jarayonda iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganligi aniqlansa, sotuvchi iste’molchi tomonidan qonunda ko‘zda tutilgan huquqlaridan kelib chiqib bildirgan talabini belgilangan muddatlarda bajarish choralarini ko‘rishi shart. Iste’molchining qonuniy talablarini bajarmaslik, belgilangan muddatlarda ijrosini ta’minlamaslik kabi holatlar sotuvchiga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

O‘rganish ishlari doirasida soutvchiga qonunning va bu boradagi qoidalarning talablari tushuntirildi. O‘rganish ishlari yakunlari bilan esa shartnoma bekor qilinishiga va oldindan to‘lov sifatida to‘langan pul mablagini iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.

Meni ushbu masalada qilgan murojaatim tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, ijobiy hal qilinganligi uchun Federatsiya hamda tuman jamiyatiga kelgusi ishlarida omadlar tilagan holda o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, — deydi iste’molchi murojaatini o‘rganish natijalari bo‘yicha tuman jamiyati rahbari nomiga bergan minnatdorchilik xatida.

Xusniddin Latipov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi

Отправить комментарий