Nuqsonli tovar servis kompaniyasi xulosasi asosida almashtirildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari Farg‘ona tumani «Sanoat» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A.A.ning xarid qilingan muzlatgich bir necha marotaba buzilib, nosoz holga kelib qolayotganligi borasidagi yozma murojaatini o‘rgandilar.
Murojaatda bayon qilinishicha, iste’molchi «Elite 308» rusumli muzlatgichni 5 800 000 so‘mga xarid qilgan. Lekin undan xonadonda foydalanishi jarayonida bir necha marotaba ishlamay qoladi. Ushbu holatda muammoni o‘z kuchi bilan qanday hal qilishga boshi qotgan iste’molchi qonuniy huquqlarini amalga oshirishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab shahar jamiyatiga yozma murojaat bilan keladi.
Shahar jamiyati tomonidan murojaat o‘rganilishi jarayonida xarid qilingan tovarning nuqsonlari yuzasidan mazkur rusumdagi muzlatgichlarga servis xizmatlarini ko‘rsatuvchi servis kompaniyasi — «Company Avangard» MChJdan ustalar xulosasi asosida tayyorlangan dalolatnoma olindi. Iste’molchi ishtirokida tuzilgan mazkur dalolatnomada muzlatgichda haqiqatda ham nuqson mavjudligi, ya’ni nuqson ichki freon sizib chiqishi bilan bog‘liqligi qayd qilinib, uni ishlab chiqaruvchi korxonaga qaytarish bo‘yicha qaror qilinganligi bayon qilinadi.
«Elite-Elektro-Group» MChJ tomonidan o‘rganishga taqdim qilingan ma’lumotnoma xatda esa, iste’molchi A.A. tomonidan xarid qilingan nuqsonli muzlatgich MChJning Farg‘ona shahar filiali tomonidan, iste’molchining hohishi bilan, «Elite 211» rusumdagisiga almashtirib berilganligi ma’lum qilindi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Отправить комментарий