Dorixona xodimi xatosi tufayli iste’molchiga yetkazilgan moddiy zarar qoplab berildi
Xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlar qaytarib olinmasligi yoki almashtirib berilmasligi to‘g‘rimi? Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan «Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizasiya qilish qoidalari»ning 39-bandiga ko‘ra, dorixonalardan realizasiya qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlar qaytarib olinmaydi va shunga o‘xshash dori vositalari va tibbiy buyumlarga almashtirilmaydi. Lekin xarid qilingan dori vositasi iste’molga yaroqsiz deb topilgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik (saqlash) muddatlari ko‘rsatilmagan, yaroqlilik (saqlash) muddatlari o‘tgan, bir dori vositasi o‘rniga adashib (yoki ataylab) boshqasi berib yuborilgan va qoidalarda belgilab qo‘yilgan boshqa holatlar bundan mustasnodir.
Farg‘ona shahrida yashovchi X.M. bilan ham yuqoridagi holatlardan biri, ya’ni dorixona sotuvchisi anglashilmovchilik natijasida iste’molchi so‘ragan dori vositasi o‘rniga boshqa dori vositasini berib yuborish holati sodir bo‘lgan. Iste’molchi murojaatida safarga shoshib turganligi bois ushbu holatni sezmay qolganligini ma’lum qiladi.
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan muroajaat asosida Farg‘ona shahrida joylashgan “XURMO” D KTXF rahbari nomiga yuzaga kelgan holatni bartaraf qilish hamda iste’molchiga yetkazilgan moddiy zararni qoplab berilishi yuzasidan talabnoma xat kiritildi. Talabnoma dorixona mas’ullari tomonidan tezkorlikda o‘rganib chiqilib, iste’molchiga yetkazilgan 250 000 so‘m moddiy zarar qoplab berildi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий