Onlayn savdo orqali xarid qilingan tovarlarning puli qaytarildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Maorif» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.E.ning onlayn savdo yo‘li bilan sotib olingan atir hamda yuz tozalovchi gelning reklamada ko‘rsatilgani kabi maqbul sifatda emasligi, ushbu sababdan tovarlarni sotuvchilarga qaytargan holda pullarini qaytib olishida amaliy yordam so‘rab qilingan murojaatlari o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, u telegram messenjeridagi onlayn savdo bilan shug‘ullanuvchi guruhda reklama qilingan narxi 300 000 so‘m bo‘lgan atirga buyurtma bergan. Lekin tovar unga yetkazib berilgach, atirning reklamada ko‘rsatilgan darajadagi xususiyatlarga ega emasligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, u o‘z murojaatida “Uzum market” ilovasi orqali narxi 204 000 so‘m bo‘lgan yuz tozalovchi gidrofil moyi ham xarid qilinganidan so‘ng maqbul sifatda emasligi, umuman gidrofil moy bajarishi lozim bo‘lgan xususiyatlarni namoyon qilmagani, oddiy moydan farq qilmasligi, qo‘llab ko‘rgan vaqtida hech qanday natija bo‘lmaganini ma’lum qiladi.
Iste’molchi murojaatini o‘rganilishi jarayonida atir hamda gidrofil moyi sotuvchilari bilan aloqa o‘rnatilib, ularga amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi. O‘rganish ishlari natijasi bilan esa iste’molchining plastik kartasiga telegram messenjeri orqali xarid qilingan atir uchun amalga oshirilgan 300 000 so‘m hamda “Uzum market” ilovasi orqali gidrofil moyi xaridi uchun amalga oshirilgan 204 000 so‘m pul mablag‘lari qaytarib tushirib berildi.
Saidxon Xapizov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий