Servis markazi bilan bog‘lana olmay sarson bo‘lgan iste’molchining muammosi bartaraf etildi

Servis markazi bilan bog‘lana olmay sarson bo‘lgan iste’molchining muammosi bartaraf etildi

Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Kichik Kenagas» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi R. Z.ning 5 000 000 so‘mga xarid qilingan kir yuvish mashinasida nuqsonlar kuzatilayotganligi, ushbu rusumdagi maishiy texnikalarga servis xizmatlari ko‘rsatuvchi markaz bilan bog‘lana olmayotganligi xususida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi telegram botiga qilgan murojaati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi Rulls rusumidagi kir yuvish mashinasini Qo‘qon shahrida savdo faoliyatini olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkor N.Yu.ga qarashli savdo do‘konidan xarid qilgan. Muammolar yuzaga chiqa boshlagach servis markazi bilan bog‘lana olmagan (o‘zining aytishicha telefon orqali bog‘lanishni iloji bo‘lmagan). Shundan so‘ng Federatsiya telegram boti orqali murojaat yo‘llagan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchiga realizasiya qilinayotgan tovarning ishlab chiqaruvchisi (sotuvchisi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta’mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari haqidagi ma’lumotlar berilishi shart.

Shuningdek, iste’molchi o‘ziga nuqsonli tovar sotilganda sotuvchiga nuqsonlarni bepul bartaraf etish bo‘yicha qonuniy talablarini qo‘yishga haqli.

Shuning bilan birgalikda, tovardagi nuqsonlarni bepul bartaraf etish uchun eltishda hajmi katta yoki vazni besh kilogrammdan ziyod tovarni eltish va iste’molchiga qaytarib keltirib berish sotuvchining (ishlab chiqaruvchining) kuchi bilan va uning hisobidan amalga oshiriladi.

Murojaatni o‘rganish davomida sotuvchiga qonunchilikning yuqoridagi talablari yuzasidan tushuntirishlar berildi va so‘rov xati kiritildi. So‘rov xatini olgan sotuvchi esa o‘z navbatida iste’molchi xonadoniga servis ustalari tashrifini uyushtirib, maishiy texnikani texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini hamda iste’molchi e’tiroziga sabab bo‘lgan nuqsonlarni bartaraf etish ishlarini tashkilladi. O‘rganish ishlari esa kir yuvish mashinasidagi nuqsonlar bepul bartaraf etilishi, ushbu jarayonda iste’molchiga maishiy texnikadan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha maslahat va tavsiyalar ham berilishi bilan yakun topdi.

Sardor Mirzajonov,
tuman jamiyati raisi.

Отправить комментарий