Jamiyat aralashuvi bilan muammoni tezkorlikda barataraf etish choralari ko‘rildi
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Uchko‘prik tuman «Mirishkor» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi R.Z.ning kafolat muddati bilan xarid qilingan kir yuvish mashinasida yuzaga kelgan nuqsonni bartaraf etib berilishi masalasida yuzaga kelayotgan muammo yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ishonch telefoniga hamda xuddi shu mazmunda Federatsiya telegram botiga qilgan murojaati o‘rganildi. Iste’molchi murojaatida joriy yilning 20 aprelida xarid qilingan kir yuvish mashinasida nuqson aniqlangach sotuvchiga bu borada murojaat qilganligini, lekin murojaati ijobiy hal etilmayotganligini ma’lum qiladi.
Murojaatni o‘rganish davomida Rulls rusumidagi, 8,5 kg hajmli kir yuvish mashinasi shahardagi «Qo‘qon savdo kompleksi» MChJ hududida faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkor S.S.dan 3 800 000 so‘mga xarid qilinganligi ma’lum bo‘ldi.
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi to‘rtinchi qismida nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi qonun bilan belgilab berilgan talablarini sotuvchiga nisbatan qo‘yishi ko‘rsatib o‘tilgan. Sotuvchi esa, o‘z navbatida, iste’molchi tomonidan qo‘yilgan talab asosida, lozim o‘rinlarda qo‘shimcha ravishda tekshirishlarni o‘tkazgan holda hamda qonunda belgilangan muddatlar doirasida tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishi lozim bo‘ladi. Aks holda, undan qonunda belgilangan tartibda neustoyka (penya) undirib olinishi mumkin.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga qonunning yuqoridagi talablari tushuntirilgach, uning tomonidan maishiy texnikadagi iste’molchi e’tiroziga sabab bo‘lgan nuqsonni bartaraf etish hamda iste’molchi qo‘liga soz holatda topshirish chora-tadbirlari ko‘rildi.
Muhammadjon O‘lmasov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий