Nuqsonlari bepul bartaraf etib berilishi paysalga solingan muzlatgich yangisiga almashtirildi
Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Toshkent tumani Keles shaharchasida yashovchi X.Sh.ning tovar shartnoma qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida 11 837 440 so‘mga xarid qilingan muzlatgichda aniqlangan nuqsonlar va ularni sotuvchi tomonidan bepul bartaraf etib berish bilan bog‘liq masalada yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, muzlatgich 2024-yilning dekabr oyida bo‘lib to‘lash sharti bilan Keles shaharchasida joylashgan «BARAKA» savdo do‘konidan kafolat muddati bilan sotib olingan va iste’molchining xonadoniga o‘rnatilib foydalanib kelingan, lekin oradan 5 oy o‘tib unda nuqson vujudga kelgan. Bu masalada sotuvchiga murojaat qilgan iste’molchi servis markaziga yo‘naltirilgan. Servis markaziga qilingan murojaatga esa mazkur rusumdagi muzlatgichning nuqsonini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar hozirda mavjud emasligi, ehtiyot qismlar yetib kelgachgina nuqson bepul bartaraf etib berilishi mumkinligi ma’lum qilingan. Bu javob esa iste’molchini qoniqtirmagan.
Federatsiya tizim tashkilotlari tomonidan murojaatni o‘rganish davomida muzlatgichni ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib beruvchi korxona Marg‘ilon shahrida joylashganligi sababli uni o‘rganib chiqib hal qilinishi uchun Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyatiga yo‘naltirildi. Jamiyat xodimlari tomonidan murojaat o‘rganilishi jarayonida sotuvchi tomoniga qonun targ‘iboti olib borilib, iste’molchining talablari yetkazildi. Olib borilgan muzokaralar natijasi bilan nuqsonli ekanligi da’vo qilingan muzlatgichni xuddi shu rusumdagi yangi muzlatgichga almashtirib berildi va iste’molchining huquqi tiklandi.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.
Отправить комментарий