Iste’molchining qonuniy talabini bajarmaslik sotuvchi zimmasiga moddiy va ma’naviy zararlarni qoplab berish majburiyatini ham yuklanishiga olib kelishi mumkin
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi xarid qilingan tovarda aniqlangan nuqsonlar bo‘yicha o‘z e’tirozlari bilan sotuvchiga murojaat qiladi. Sotuvchilar esa iste’molchilar tomonidan bildirilgan e’tirozlarga jiddiy e’tibor qaratishlari kerak, ularga «tovarni men ishlab chiqarmaganman», «servis markaziga borasan» qabilidagi sovuq muomala, shuningdek erta kel, indin kel tarzida sarson qilish yo‘li bilan yuzaga kelgan nizoli holatdan chiqib ketaman, deb o‘ylashlari noto‘g‘ri. Sababi iste’molchining qonuniy talabini bajarmaslik, bajarishni paysalga solish kabi harakatlar sotuvchilar kelgusida turli neustoyka (penya)lar to‘lashlariga sabab bo‘lishi, shuningdek iste’molchiga shartnomani bekor qilish huquqini vujudga keltirishi, sotuvchining zimmasiga unga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni qoplab berish kabi majburiyatlarni ham yuklanishiga olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston tumani «Beruniy» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi B.T.ning 6 000 000 so‘mga xarid qilingan «Volmer» rusumli kondisionerda nuqson aniqlangani, shuning bilan birgalikda mazkur kondisioner sifati iste’molchini qoniqtirmaganligi, sotuvchiga bu borada qilingan murojaatlardan esa natija bo‘lmayotgani bayon qilinib, Federatsiyaning O‘zbekiston tuman jamiyatiga yo‘llangan murojaatda ham sotuvchi T.E. dastlab iste’molchining qonuniy talabini bajarmaslik, o‘z majburiyatlaridan turli yo‘llar bilan bo‘yin tovlash yo‘lini tutgan. Masalaga tuman jamiyati mutaxassislari aralashuvi va bu boradagi qonun talablarini tushuntirilishi bilan esa sotuvchi iste’molchi talabini bajarish yo‘lini ma’qul topdi. Bu borada sotuvchi T.E. bilan olib borilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari hamda muzokaralar asosida shartnoma bekor qilinib, nuqsonli ekanligi da’vo qilingan kondisionerni sotuvchiga qaytarilishiga erishildi.
Dilshodjon Rassayev,
jamiyat mutaxassisi.
Отправить комментарий