Erkin narxlar sharoitida tanlov huquqimizdan o‘rinli va samarali foydalanaylik

Erkin narxlar sharoitida tanlov huquqimizdan o‘rinli va samarali foydalanaylik

Buvayda tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Beglar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi S.O.ning tuman markazidagi kiyim-kechak bozoridan farzandi uchun xarid qilgan kiyimni pulini qaytarib olish borasida sotuvchiga qilgan murojaati qanoatlantirilmaganligi, masalani qonuniy o‘rganib chiqib hal qilib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchiga ko‘ra, u tuman markazi Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan kiyim-kechak bozorida savdo faoliyati olib borayotgan sotuvchidan farzandi uchun 130 000 so‘mga yubka sotib olgan. Xarid qilinib olib ketilgan yubka farzandiga biroz mos kelmagani sababidan uni shu kunni o‘zida do‘konga qaytarib olib kelgan va pulini qaytarib berilishini so‘ragan iste’molchining talabi bajarilmagan. Vaziyatga tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassisi aralashuvi bilan yubka sotuvchi tomonidan qaytarib olinib, pul iste’molchiga qaytarilgan bo‘lsada, iste’molchi murojaatidagi bir holatga e’tiboringizni qaratishni lozim topdik. Xususan, iste’molchi murojaatida «xuddi shunday yubkalar boshqa do‘konda arzon sotilayotgani»ni ham tovarni qaytarishga asos bo‘luvchi vaj deb hisoblaydi. Lekin amaldagi qonunchilik va bozor iqtisodiyoti sharoitidagi savdo tartib-qoidalari buni qonunbuzilishi holati deb hisoblamaydi. Bir xil tovar uchta do‘konda uch xil narxda sotilishi mumkin. Bir xil tovarga nisbatan iste’molchilarning talabi ortishi va ushbu talab tegishli taklif bilan muvozanatga keltirilmasligi ortidan narxlar oshishi yoxud bozorga bir xil turdagi tovarni talabga nisbatan ortiqcha taklif qilinishi ortidan narxlar pasayishi ham mumkin. Bozor iqtisodiyoti sharoitida narxlar erkin bo‘lib, ular bozordagi talab va taklif asosida boshqarib boriladi.

Faqatgina ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan shunday tovarlar borki, ular ustidan Hukumat nazorati o‘rnatilib, ularga biror bir aniq narx yoki narxlarning quyi va yuqori chegaralari belgilab qo‘yilishi, ana shu chegaralarni buzishgina qoida buzilishi holati deb e’tirof etilishi mumkin. Masalan, monopol soha bo‘lgan elektr energiyasi tariflari respublika bo‘yicha bir xilda qilib belgilangan bo‘lsa, ichimlik suvi uchun to‘lovlar mamlakatning muayyan ma’muriy-hududiy birliklari uchun boshqa-boshqa qilib belgilangan, dori-darmon vositalarining aksariyatiga yuqori chegaradan o‘tib ketmaslikni ko‘zda tutuvchi qoidalar amal qiladi. Agar iste’molchi xuddi shunday tovar (ish, xizmat)lardan birini xarid qilgan va narxlar belgilangan chegaradan o‘tib ketganlik holati bo‘yicha murojaat yo‘llasa, ushbu holatda vakolatli idoralar tomonidan uning murojaati asosida tegishli choralar ko‘riladi.

Shu sababli hurmatli iste’molchilarimizdan, bugungi kunda bozordagi aksariyat tovarlarga nisbatan erkin narxlar qo‘llanilishini, shuning bilan birgalikda xuddi shunday tovarni bir joyning o‘zida bir necha sotuvchi tomonidan sotilishini va sotuvchilar o‘rtasida raqobat, iste’molchida esa tanlov imkoniyati mavjudligini inobatga olib, tovarlar sotib olishda, ish va xizmatlarga buyurtma berishda o‘zlarining tanlov huquqlaridan o‘rinli va samarali foydalanishlarini so‘rab qolamiz.

Asrorjon Yigitaliyev,
jamiyat raisi.

Отправить комментарий