Sotuvchi o‘z majburiyatini to‘laqonli ado etmagani ortidan nizoli holat yuzaga kelgan

Sotuvchi o‘z majburiyatini to‘laqonli ado etmagani ortidan nizoli holat yuzaga kelgan

«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga muvofiq, shartnomaga ko‘ra sotuvchi iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar. Biroq Yozyovon tuman «Qorasoqol» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi M.M. tuman Buyum bozori hududida savdo faoliyatini olib borayotgan X.Sh.dan tovar sotib olishi jarayonida o‘z majburiyatini to‘laqonli ado etib, umumiy uzunligi 30 metr va jami qiymati 2 250 000 so‘m bo‘lgan baxmal materialini pulini oldi-sotdi jarayonida to‘liq to‘lagan bo‘lsada, xonadonda material o‘ramidan ochib ko‘rilganida uning boshlang‘ich 3-4 metridan so‘ng qolgan qismi ochroq rangda ekanligi, qo‘yingki sotuvchi iste’molchi qo‘liga maqbul sifatdagi materialni mulk qilib topshirmaganligi ayon bo‘lib qolgan. Sotuvchiga qilingan murojaatga esa, «Ochilgan tovarni qaytarib ololmaymiz», qabilidagi javobni olgan. Aftidan, sotuvchi qonunning yuqoridagi moddasi beshinchi xatboshisidagi «iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega» degan normadan bexabar shekilli.

Iste’molchining Yozyovon tuman jamiyatiga murojaati asosida jamiyat mutaxassisi iste’molchi hamkorligida sotuvchi bilan uchrashib, undan yuzaga kelgan holat bo‘yicha izox berishini so‘raganida, sotuvchi haqiqatan iste’molchi M.M.ga baxmal sotgani, keyinchalik xaridor o‘z e’tirozi bilan kelganini tan olib, masalani nuqsonli ekanligi da’vo qilingan tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirib berish bilan hal qilish taklifini berdi. Nuqsonli tovar maqbul sifatdagisiga almashtirilib, muammo shu joyni o‘zida bartaraf etildi.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)

Отправить комментарий