Kommunal xizmatlar iste’molchilari tegishli tashkilotning rasmiy saytidagi shaxsiy kabinetlarini boshqarishni o‘rganishlari muhim
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga kommunal xizmatlar (elektr, gaz, suv ta’minoti) iste’molchilaridan ularga hisoblangan asossiz qarzdorliklar masalasida turli murojaatlar bo‘lib turadi. Murojaatlarni o‘rganish jarayonida esa, bugungi axborot asrida, aksariyat hollarda iste’molchilar yuqoridagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi idoralarning rasmiy saytlarida o‘z shaxsiy kabinetlari tashkil qilinganligini bilmasliklari yoki ushbu qulaylikka e’tiborsizlik bilan qaralishi holatlariga duch kelinadi.
Misol tariqasida ichimlik suvi iste’molchilari uchun «O‘zsuvta’minoti» AJning uzsuv.uz rasmiy saytida tashkil qilingan iste’molchi shaxsiy kabinetini olib ko‘raylik. Iste’molchi mazkur kabinetga vaqti-vaqti bilan kirib, suv hisoblagichi ko‘rsatkichlarini kiritib borishi talab qilinadi. Ushbu ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida kiritib borilmasligi yoki uzoq vaqt kiritilmasdan qolishi esa dastur egasi hisoblangan ichimlik suvi ta’minoti tashkiloti tomonidan iste’molning o‘rtacha ko‘rsatkichlari kiritilishiga va buning natijasida xonadonda ichimlik suvi hajmi iste’mol bo‘lmagani yoki o‘rtachaga nisbatan kamroq iste’mol bo‘lgani holda, dasturga ko‘proq hajm kiritib yuborilishiga va asoslanmagan qarzdorlik summalarini yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Oltiariq tumanida yashovchi I.M.ning Federatsiya 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatini o‘rganish davomida ham shu holat kuzatildi. O‘rganishda xonadonda ichimlik suv iste’moli suv hisoblagich vositasida olib borilishi, lekin iste’molchi tomonidan suv hisoblagich ko‘rsatkichlarini billing bazaga o‘z vaqtida kiritib borilmaganligi sababli 508 000 so‘m asossiz qarzdorlik yuzaga kelganligi ma’lum bo‘lib, o‘rganish ishlari doirasida mazkur qarzdorlikni bartaraf qilish chora-tadbirlari ko‘rilgan bo‘lsada, bu holat iste’molchining turli idoralarga murojaat qilishga, oqibatda qimmatli vaqt va asablarini yo‘qotishiga sabab bo‘lganligi achinarlidir.
Shu o‘rinda, kommunal xizmatlar iste’molchilariga «O‘zsuvta’minot» AJ, «Hududgazta’minoti» AJ va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ kabi idoralarning rasmiy saytlarida iste’molchilar uchun shaxsiy kabinetlar tashkil qilinganligi, mazkur kabinetlarga vaqti-vaqti bilan kirib shaxsiy hisob raqamlarida bo‘layotgan o‘zgarishlardan doimiy xabardor bo‘lib borishlarini, shuningdek lozim o‘rinlarda tegishli ko‘rsatkichlarni kiritib borishlarini so‘rab qolamiz.
Dilobar Dadaxonova,
jamiyat mutaxassisi.
Отправить комментарий