Nazorat xaridi nima va u qanday o‘tkaziladi?
Nazorat xaridi tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 fevraldagi 59-son qarori bilan tasdiqlangan hamda 22.10.2025 yildagi “Raqobatni ta’minlashga ko‘maklashish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 667-sonli qarori 2-ilovasi bilan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan “Chakana savdo ob’ektlarida xalq iste’moli tovarlarining nazorat xaridini tashkillashtirish va ularni ekspertizadan (testdan) o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, uni o‘tkazish uchun OAVlardan kelib tushgan ma’lumotlar, jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari, jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlardan kelib tushadigan axborotlar va murojaatlar, Prezident Administratsiyasi, Hukumat topshiriqlari asos bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida testdan o‘tkazish uchun tanlab olinayotgan tovar joyida ekspertizadan o‘tkaziladi, bunda tovarni saqlash sharoiti, markirovkasi, yaroqlilik muddatlari ko‘riladi. Agar tovar mazkur talablarga javob bermasa uni testdan o‘tkazish uchun sotib olish va sinov laboratoriyasida testdan o‘tkazish mumkin emas.
Xarid qilingan tovar namunalari savdo nomlari olib tashlangan va to‘liq berkitilgan, biroq iste’mol qadog‘i saqlangan holda belgilangan tartibda to‘ldirilgan tanlab olish dalolatnomasi bilan birga sinov laboratoriyalariga yetkaziladi.
Test natijalari bo‘yicha tovar sifati va xavfsizlik talablariga muvofiq bo‘lmagan holatlar aniqlanganda, qonunchilik hujjatlariga ko‘ra tegishli harakatlarni amalga oshirish uchun vakolatli organlarga yuboriladi.
Iste’molchi va tadbirkorlarni sifat va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlar va uning ishlab chiqaruvchilari to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida nazorat xaridi natijalari bo‘yicha ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi mumkin.



Отправить комментарий