Ikki dona noutbuk sotuvchiga qaytarildi

Ikki dona noutbuk sotuvchiga qaytarildi

Qonunchilikka ko‘ra, kafolat muddatlari belgilangan texnik jihatdan murakkab maishiy tovarlar zarur sifatda bo‘lsa, ularni qandaydir iste’mol xususiyati (rangi, fasoni, o‘lchami va b.) yoqmaganligi yoki mos kelmaganligi vaji bilan sotuvchiga qaytarib bo‘lmaydi. Biroq mazkur zarur sifatdagi tovar oldi-sotdi jarayonida sotuvchi tomonidan noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi yo‘li bilan sotilgan va bu zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli bo‘ladi.

Aytaylik, iste’molchi noutbuk xarid qilish jarayonida uning quvvati va funksiyalari bo‘yicha o‘z talablarini ma’lum qildi, sotuvchi esa taklif qilinayotgan tovar iste’molchi talabidagi funksiyalarni bajara olishini va’da qilib, savdo amaliyotini amalga oshirdi. Biroq keyinchalik noutbukda bunday funksiyalarni bajara olish imkoniyati ko‘zda tutilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Bunday holatdagi nizolarni ko‘rib chiqishda e’tibor kafolat muddati belgilangan texnik jihatdan murakkab mazkur tovarning zarur sifatdaligiga emas, balki noto‘g‘ri ma’lumot tufayli iste’molchiga sotilganligi va iste’molchi undan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmaganligiga qaratiladi.

Qo‘qon shahrida yashovchi S.O‘.ning Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilingan murojaatini Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganishda ham xuddi shunday holatlardan biriga duch kelindi va o‘rganish natijalari bilan iste’molchi tomonidan 12 802 000 so‘mga xarid qilingan ikki dona noutbuk sotuvchiga qaytarildi.

Alisher Raximov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий