Quvada aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash ishlarida uzilishlar hanuz mavjud

Quvada aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash ishlarida uzilishlar hanuz mavjud

Fuqarolarning har bir murojaati e’tiborga molik, chunki ularning ortida real hayot, kundalik ehtiyoj va xizmat ko‘rsatish sifatiga bo‘lgan talab turadi. Quva tumani Sanoatchilar mahallasida 70 kundan buyon suyultirilgan gaz balloni ololmagan D. U.ning noroziligi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkiloti e’tiboridan chetda qolmadi. Uning Federatsiya 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganilganda suyultirilgan gaz ta’minoti masalalarida jiddiy kamchiliklar mavjudligi, gaz ta’minoti tashkiloti aholiga suyultirilgan gaz tarqatish bo‘yicha ishlab chiqilgan oylik grafikka to‘la rioya qilmaganligi qayd qilindi.

Qonunchilik bilan mustahkamlangan tartib mavjud bo‘lsa-da, ayrim mahallalar, jumladan Sanoatchilar mahallasidagi iste’molchilar belgilangan vaqtda suyultirilgan uglevodorod gazi bilan ta’minlamagan. Bu esa nafaqat iste’molchilarga yaratilgan qulaylikning cheklanishi, balki davlat xizmatlariga nisbatan ishonchning pasayishiga olib keladigan holatdir.

O‘rganish chog‘ida gaz ta’minoti tashkiloti mutasaddilariga amaldagi qonunchilik bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Ularga bunday holatlarni takrorlamaslik, grafikka qat’iy amal qilish hamda shartnoma majburiyatlarini to‘liq bajarish zarurligi uqtirildi.

Yuqoridagi holat iste’molchi murojaati faqatgina axborot manbai emas, balki tizimdagi ichki muammolarni aniqlovchi nishon ekanligini, gaz ta’minoti tarmog‘ida nazoratni kuchaytirish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish va iste’molchi manfaatini ustuvor qo‘yish zarurligini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

Adxamjon Xamidov,
tuman jamiyati raisi.

Отправить комментарий