Sifatsiz yoqilg‘i sotilishi sabab avtomobilga yetkazilgan zarar qoplatildi
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun 20-moddasiga ko‘ra, tovar (ish, xizmat)ning tuzilishiga, ishlab chiqarilishiga, tarkibiga bog‘liq bo‘lgan va boshqa nuqsonlari, shuningdek iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkining xavfsizligini ta’min eta olmaydigan materiallar, uskunalar, asbob-anjomlar, moslamalar yoki boshqa vositalar qo‘llanilishi oqibatida iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Qo‘shtepa tumanida shunday holatlardan biri kuzatildi.
Shu tumanda istiqomat qiluvchi K.A. Marg‘ilon shahri hududidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasidan o‘z avtomobiliga AI-92 markasidagi benzin quyib harakatni davom ettirgan. Biroq muayyan vaqt o‘tib avtomobilda texnik nosozlik kuzatilgan. Muammo nimadaligini bilmagan iste’molchi avtoservisga murojaat qiladi. U yerda esa mashinaning motor qismida nosozlik kelib chiqqanligi, bunga esa yoqilg‘i sifatining yomonligi sabab qilib ko‘rsatiladi. Yoqilg‘i quyish shoxobchasi bilan bu boradagi muammoni hal qila olmagan iste’molchi Qo‘shtepa tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Murojaat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanish inspeksiyasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida o‘rganilishi jarayonida mutaxassislar tomonidan AYoQShda sotilayotgan AI-92 markasidagi benzin yoqilg‘isidan namunalar olinib, Ispeksiyaning Toshkent shahridagi markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasiga yuborilgan. Laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra esa benzin yoqilg‘isidan olingan namunalar Davlat andozasi talabalariga mos kelmasligi qayd qilingan.
O‘rganish ishlari yakuni bilan avtomobilda yuzaga kelgan nosozlikka yoqilg‘i sifati sabab bo‘lganligi isbotini topgach, yoqilg‘i quyish shoxobchasi tomonidan iste’molchi K.A. tomonidan Damas rusumli avtomashinasini ta’mirlatish bilan bog‘liq holda ko‘rilgan 2 915 000 so‘m zararning o‘rni to‘liq qoplab berildi.
Zafarbek Mavlonov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий