Nuqsonli tovar bo‘yicha murojaat: iste’molchi manfaati to‘liq ta’minlandi

Nuqsonli tovar bo‘yicha murojaat: iste’molchi manfaati to‘liq ta’minlandi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashovchi fuqaro R.Q. tomonidan xarid qilingan maishiy texnika sifati bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaat O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali qabul qilinib, amaldagi qonunchilik asosida o‘rganib chiqildi.

Iste’molchiga ko‘ra, u 2026 yilning 12 aprel kunida “ARKON” kredit savdo do‘konidan Samsung A26 rusumli mobil telefonni 4 500 000 so‘mga xarid qilgan bo‘lib, 1 500 000 so‘mni dastlabki to‘lov sifatida amalga oshirgan. Biroq qisqa muddatdan so‘ng telefondan foydalanish jarayonida uning ekranida nuqsonlar, ya’ni mobil qurilmani o‘z-o‘zidan ishlamay qolish holatlari kuzatilgan.

Murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida iste’molchi tomonidan kredit muassasasi va sotuvchiga murojaat qilingani, biroq dastlab unga servisga xizmatiga murojaat qilish tavsiya etilgani ma’lum bo‘ldi. Servis markazida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida esa qurilmada zavod nuqsoni (brak) mavjudligi aniqlangan.

Shundan so‘ng mutasaddi tashkilot mutaxassislari tomonidan sotuvchi va kredit tashkiloti vakillari ishtirokida tushuntirish ishlari olib borildi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun talablariga muvofiq, nuqsonli tovar bo‘yicha iste’molchining huquqlari, jumladan, tovarni almashtirish yoki shartnomani bekor qilish va to‘langan mablag‘ni qaytarish huquqi tushuntirildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, sotuvchi tomonidan iste’molchining talabi qanoatlantirilib, telefon uchun to‘langan 1 500 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berildi hamda tuzilgan shartnoma bekor qilindi. Shuning bilan birgalikda, murojaatchiga qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z huquqlarini himoya qilish mexanizmlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.

Bu kabi holatlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi samarali ishlayotganini, fuqarolar murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, qonuniy asosda ijobiy hal etilayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, iste’molchi manfaati ta’minlanib, adolatli yechimga erishilganidir.

Отправить комментарий