Xaridormisiz yoki iste’molchi?
Do‘konga kirib pulingizni berdingiz va tovar oldingiz… Xo‘sh, siz xaridorsizmi yoki iste’molchi? To‘xtang, ikkalasi bir xil narsa emas hushyor bo‘ling!
Agar siz do‘koningiz uchun qayta sotishga 10 ta telefon olsangiz — siz shunchaki xaridorsiz. Bu yerda oddiy shartnoma qoidalari ishlaydi.
Ammo telefonni shaxsiy iste’mol uchun uchun, o‘zingiz, oilangiz yoki uyingiz uchun olsangiz — siz Iste’molchisiz! Aynan shu maqom sizda alohida «superkuch» yaratadi va davlat siz tarafda bo‘ladi. Chunki bizda «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi alohida qonun bor!
Agar pulingiz kuyib ketmasin desangiz, tovar yoki xizmat olishda mana bu 4 ta narsaga albatta e’tibor bering:
1. Chek — bu sizning himoya qalqoningiz!
«Chek shart emas» deyishdimi? Ishonmang! Fiskal chek yoki kvitansiya — sizning aynan shu sotuvchidan tovar olganingizni isbotlovchi asosiy hujjat. Chek bo‘lmasa ham huquqingizni himoya qilsa bo‘ladi, lekin chek bilan bu 10 baravar osonroq.
2. Markirovka va ma’lumot
Tovar qachon chiqqan? Yaroqlilik muddati qachon tugaydi? Tarkibi nima? Qonun bo‘yicha bu ma’lumotlarning barchasi davlat tilida va tushunarli yozilgan bo‘lishi shart! Ma’lumoti yo‘q tovarni olish — tavakkalchilikdir.
3. Instagram yoki Telegramdan olyapsizmi? Hushyor bo‘ling!
«Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, onlaynda tovar sotayotgan shaxs yoki do‘kon o‘z nomi, manzili, rekvizitlari va tovar haqidagi to‘liq ma’lumotni ochiq ko‘rsatishi shart. «Narxi dayrektda» yoki «Kartaga pul tashlang, qaytarib olinmaydi» deyish — noqonuniy! Sotuvchining kimligi aniq bo‘lmasa, pulingizni o‘tkazishga shoshilmang.
4. 10 kunlik sinov muddati
Agar nooziq-ovqat mahsuloti sifatli bo‘lsa-yu, lekin rangi, o‘lchami yoki bichimi yoqmay qolsa, uni 10 kun ichida alishtirib olishingiz yoki pulingizni qaytarishni talab qilishingiz mumkin. Faqat tovar ishlatilmagan va idishi shikastlanmagan bo‘lishi kerak.
Aytgancha, bu faqat tovarlarga emas, xizmatlarga ham tegishli!
Uy ta’miri, kurslar yoki usta xizmatidan foydalanganda ham, oldindan ishni bajarish muddati va sifatini kelishib olish huquqiga egasiz. Agar usta muddatni o‘tkazib yuborsa, siz shartnomani bekor qilib, zararni undirishingiz mumkin.
Esingizda tuting: Savodxon iste’molchi — sotuvchi uchun yoqimsiz mijoz bo‘lishi mumkin, lekin jamiyatning eng katta yutug‘i!
O‘z huquqingizni biling, sifatsiz tovar yoki xizmatga ko‘z yummang.



Отправить комментарий