Sifatsiz issiqlik xizmati uchun asossiz qarzdorlik bekor qilindi
Kommunal xizmatlar uchun to‘lov qilish har bir iste’molchining qonuniy majburiyati hisoblanadi. Biroq xizmat belgilangan sifatda ko‘rsatilmagan bo‘lsa-chi? Bunday holatda ham iste’molchi to‘liq haq to‘lashi shartmi?
Marg‘ilon shahrida yuz bergan ushbu holat mazkur savolga amaliy javob bo‘ldi. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Marg‘ilon shahar jamiyati fuqaro manfaatini himoya qilib, sud orqali adolat qaror topishiga erishdi.
Marg‘ilon shahri Guliston mahallasida yashovchi fuqaro S.Sh. yashab turgan xonadonda bir necha yil davomida issiqlik ta’minoti talab darajasida amalga oshirilmagan. Shunga qaramasdan, xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan xonadon uchun qarzdorlik va penya hisoblangan.
Fuqaro muammoni mustaqil hal qilishga harakat qilgan bo‘lsa-da, natija bo‘lmaganidan keyin Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Jamiyat mutaxassislari holatni o‘rganib, fuqaro manfaatini ko‘zlab sudga da’vo kiritdi.
Sud muhokamasi davomida muhim holat aniqlandi: 2026 yil fevral’ oyida tuzilgan rasmiy dalolatnomada ushbu ko‘p qavatli uyga 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi yetarli darajada yetkazib berilmagani qayd etilgan.
Shuningdek, sud kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalariga muvofiq, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot iste’molchiga belgilangan sifatda issiqlik yetkazib berish uchun javobgar ekanini, xizmat talab darajasida ko‘rsatilmagan taqdirda esa hisob-kitob qayta ko‘rib chiqilishi lozimligini ta’kidladi.
Ish hujjatlarini har tomonlama tahlil qilgan sud da’voni qisman qanoatlantirdi.
Natijada fuqaro:
— 323 884 so‘m asosiy qarzdorlikdan;
— 41 336 so‘m penyadan ozod qilindi.
Shuningdek, sud davlat bojini javobgar korxonadan undirish haqida qaror qabul qildi.
Bu qaror nima uchun muhim? Ushbu sud qarori iste’molchilar uchun muhim huquqiy xulosani ko‘rsatadi:
Agar kommunal xizmat belgilangan sifatda ko‘rsatilmagan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot iste’molchidan asossiz ravishda to‘lov talab qilishi mumkin emas.
Muhimi, bunday holatni tasdiqlovchi dalillar, dalolatnomalar va boshqa hujjatlar mavjud bo‘lsa, iste’molchining huquqi sud tomonidan himoya qilinadi.
Iste’molchilarga tavsiya
Agar siz ham:
— issiqlik,
— ichimlik suvi,
— elektr energiyasi,
— tabiiy gaz,
— chiqindi xizmati yoki boshqa kommunal xizmatlar bo‘yicha xizmat sifati talabga javob bermasligiga qaramay qarzdorlik hisoblangan deb hisoblasangiz, avvalo holatni rasmiylashtiring, dalolatnoma tuzilishiga erishing va zarur hollarda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda uning hududiy tashkilotlariga murojaat qiling.
Marg‘ilon shahrida ko‘rib chiqilgan mazkur ish yana bir bor shuni isbotladiki, qonun iste’molchi tomonida. Muhimi, o‘z huquqini bilish, uni hujjatlar bilan asoslash va zarur paytda malakali huquqiy yordamdan foydalanishdir.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.



Отправить комментарий