Isteʼmolchilar uchun eslatma

Isteʼmolchilar uchun eslatma

Hurmatli isteʼmolchilar!

Yurtimiz bo`ylab Yangi yil bayrami yaqinlashib kelayotgan shu kunlarda sizlarni ko`cha-kuyda, savdo nuqtalaridan bayram dasturxoni uchun oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olayotganda quyidagi holatlarga beeʼtibor bo`lmasligingizni so`raymiz:
• Аmaldagi O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni 4-moddasiga asosan, Siz tovar haqida, shuningdek, uning ishlab chiqaruvchisi (sotuvchisi) haqida to`g`ri va to`liq maʼlumot olish, tovarlarni erkin tanlash va ularning tegishli darajada sifatli bo`lishi, xavfsiz bo`lishi, hayotingiz, sog`lig`ingiz va mol-mulkingizga zarar yetkazmasligi kabi huquqlarga egaligingizni unutmang.
• Tovarlar sotib olish jarayonida qonunning 8-moddasi bilan Sizga berilgan huquq, yaʼni sotib olingan tovar sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqingizdan unumli foydalaning.
• Oldi-sotdi amalga oshirilganda Sizga kassa yoki tovar cheki berilishi shartligi, tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanishini doim yodingizda tuting (10-modda).
• Unutmang, oziq-ovqat tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari ko`rsatilgan bo`lishi lozim. Sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko`rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o`tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etiladi (11-modda). Bunday tovarlarni sotib olishdan ehtiyot bo`ling.
• O`zingiz sotib olgan tovar sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan bo`lishiga va hayotingiz, sog`lig`ingiz, atrof-muhit uchun xavfsiz bo`lishiga, shuningdek, mol-mulkingizga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga egaligingizdan kelib chiqib (12-modda), sotib olayotgan oziq-ovqat tovaringizni sertifikati bor yoki yo`qligi bilan qiziqib ko`ring.
• Sizga zarur sifatga ega bo`lmagan oziq-ovqat tovari sotilganda, bunday tovarni xarid qilingandan keyin 24 soat mobaynida almashtirib olishingiz yoki pulingizni qaytarib olishingiz mumkinligini ham yodingizdan chiqarmang.
• Bayram dasturxoni uchun oziq-ovqat mahsulotlarini ro`para kelgan joylardan sotib olishdan tiyiling. Tovarlarni turg`un savdo obʼektlaridan, shuningdek tegishli ruxsatnomalar asosida faoliyat olib borayotgan savdo yarmarkalaridan sotib olish maqsadga muvofiqdir.

Barchangizni kirib kelayotgan Yangi 2020 yil bilan muborakbod etamiz!

Hududiy birlashma matbuot xizmati

Отправить комментарий