Shartnoma belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo`lib qolgach, isteʼmolchi undan voz kechishga qaror qildi

Shartnoma belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo`lib qolgach, isteʼmolchi undan voz kechishga qaror qildi

Qo`shtepa tumanida yashovchi isteʼmolchi B.Isaqov joriy yilning mart oyida O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga o`zi tomonidan sotib olingan aviachipta bilan bog`liq muammo yuzasidan murojaat qilgandi.
Murojaatda maʼlum qilinishicha, fuqaro Marg`ilon shahrida joylashgan aviakassalarning biridan 1 640 000 (bir million olti yuz qirq ming) so`mga Toshkent-Moskva yo`nalishi bo`yicha aviachipta sotib olgan. Lekin mart oyi o`rtalariga kelib, mamlakatimizda koronavirus kasalligini tarqalishini oldini olish bo`yicha tezkor chora-tadbirlar ko`rish maqsadida karantin eʼlon qilinganligi barchamizga maʼlum. Shundan kelib chiqqan holda, unga aviareys nomaʼlum muddatga qoldirilgani, 15 kuncha sabr qilib turishini aytadilar. Oradan 15 kun o`tib, masala hal bo`lmasligini sezgan isteʼmolchi chipta uchun to`lagan pulini qaytarishlarini talab qiladi. Biroq ushbu masala ham hal bo`lavermagach, isteʼmolchi sifatida huquqlari poymol qilinayotganligi to`g`risida Federatsiyaga murojaat qiladi.
O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni 19-moddasiga ko`ra, agar ijrochi shartnomani ijro etishga o`z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo`lib qolsa, isteʼmolchi ishni bajarish, xizmat ko`rsatish to`g`risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Bundan kelib chiqilsa, yuqoridagi murojaat bo`yicha olinganda, isteʼmolchi chipta uchun to`langan pulni to`liq hajmda qaytarilishini talab qilishi qonunan to`g`ri va o`rinlidir.
Shuning bilan birgalikda, isteʼmolchi tomonidan qonuniy talab qo`yilgandan so`ng ham ijrochi (xizmat ko`rsatuvchi) tomonidan ish bajarishni (xizmat ko`rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi isteʼmolchiga har bir kechiktirilgan kun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to`lashiga sabab bo`ladi.
Marg`ilon shahar jamiyati xodimlari qonunning mazkur talablari yuzasidan aviakassa masʼullariga tushuntirish berganlaridan so`ng, ular isteʼmolchining aviachipta uchun to`lagan 1 640 000 so`m pulini kaytarishni maʼqul ko`rdilar. Isteʼmolchi esa ko`rsatilgan yordam uchun Federatsiya xodimlariga o`z minnatdorchiligini bildirdi.

Аʼzamxon Maxammadiev
Margʼilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi

(yuqorida illyustrativ rasm)

Отправить комментарий