Qarzi bo`lmasada …

Qarzi bo`lmasada …

Marg`ilon shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparatiga murojaat qilgan shahrimiz fuqarosi O.Qambarov “Suvoqava” DUKning Marg`ilon shahar filiali tomonidan xonadoniga qarzdorlik bildirilayotganligidan noroziligini maʼlum qildi.
Isteʼmolchi murojaatini o`rganib chiqish jarayonida unga haqiqatan ham ichimlik suvi korxonasining kompyuter bazasi maʼlumotlari asosida qarzdorlik borligi aytilganligi maʼlum bo`ldi. Xonadon sohibining so`zlariga ko`ra, u kommunal to`lovlarni oyma-oy to`lab boradi, qo`lida buni tasdiqlovchi to`lov kvitantsiyalari ham mavjud.
Filialning masʼul xodimi ogohligida o`tkazilgan o`rganishlar davomida xonadonga 2015 yilning 11 avgust kunida 072730011 raqamli suv hisoblagich uskunasi o`rnatilganligi, oradan 3 yilu 8 oy o`tib, yaʼni 2019 yilning 23 aprel kunida suv hisoblagich uskunasi davlat qiyoslov ko`rigidan o`tkazilganligi, o`rganuv kuni holatiga uskuna ko`rsatgichi 00301 metr kub ekanligi qayd qilindi.
O`tkazilgan qayta xatlov, xonadon to`lovlarining filial kompyuter bazasi maʼlumotlari bilan solishtirish natijalariga ko`ra, xonadon hisoblagichning 00442 metr kub ko`rsatkichigacha yoki 140295 (bir yuz qirq ming ikki yuz to`qson besh) so`m miqdorida haqdorligi mavjudligi maʼlum bo`ldi.
O`rganish yakunlariga ko`ra, isteʼmolchi huquqlari tiklanib, korxona masʼullariga O`zbekiston Respublikasining «Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi qonuni talablari yuzasidan tushuntirish va targ`ibot ishlari olib borildi.

Аʼzamxon Maxammadiev
Margʼilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий