Fuqaro huquqi sud orqali tiklandi
Yurtimizda huquqiy jamiyat qurish borasida olib borilayotgan islohotlar kundan-kunga o`z mahsulini berib bormoqda. So`nggi yillarda sud idoralarida fuqarolar tomonidan birorta xo`jalik yurituvchi subʼektdan o`z haq-huquqlarini talab qilib kiritilayotgan daʼvolarning chuqur o`rganilib, masala ularning foydasiga hal etilayotganligi bunga yaqqol misol bo`la oladi.
Farg`ona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ham ushbu jarayonlardan chetda turgani yo`q. Shahar jamiyati aynan bitta isteʼmolchi yoki bir necha isteʼmolchilarning manfaatlarini ko`zlab sudlarga daʼvo arizalari kiritilmoqda. Birgina misol. Joriy yilning 11 iyun kuni Bag`dod tumani Qo`shtegirmon qishlog`ida yashovchi fuqaro А. Mannonov shahar jamiyatiga murojaat qilib, 2020 yilning 11 yanvarida Buvayda tumanida joylashgan “Avto trading credit” MChJ bilan bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan Nexia 3 rusumli avtomobilni yetkazib berish shartnomasini tuzganligini, ushbu shartnomaga asosan oldindan jami summaning 30 foizi, yaʼni salkam 41 000 000 (qirq bir million) so`m miqdoridagi mablag`ni oldindan to`lab berganligini maʼlum qilgan. Shartnomaga ko`ra, to`lov amalga oshirilgan kundan boshlab 60 kun muddatda avtomobil fuqaroga yetkazib berilishi belgilangan bo`lsada, oradan olti oy (180 kun) vaqt o`tgan bo`lishiga qaramay fuqaroga avtomobil yetkazib berilmagan. Fuqaro “Avto trading credit” MChJga bir necha marotaba murojaat qilib shartnomaviy majburiyatlarini bajarishlarini, aks holda uning tomonidan to`langan pul mablag`larini qaytarilishini talab qilganligini, lekin MChJ masʼullari uning qonuniy talablarini bajarmay kelganligini ham bildirib o`tgan.
Murojaat tegishli ravishda rasmiylashtirilganidan so`ng shahar jamiyati xodimlari “Avto trading credit” MChJ mutasaddilari bilan yuzaga kelgan holat va uning qonuniy yechimi yuzasidan muzokaralarni olib bordilar. Lekin tashkilot rahbarlari tez kunda fuqaroning talabini qondirish, uning tomonidan amalga oshirgan to`lovlarni qaytarish to`g`risidagi vaʼdalarini bajarmadilar.
Shundan so`ng masala yuzasidan daʼvo arizasi tayyorlanib, Fuqarolik ishlari bo`yicha Qo`qon tumanlararo sudiga taqdim etildi. Sud shahar jamiyati tomonidan kiritilgan daʼvo ariazsi va unga ilova qilingan hujjatlarni atroflicha o`rganib chiqib, fuqaro foydasiga 40 717 663 (qirq million yetti yuz o`n yetti ming olti yuz oltmish uch) so`m mablag` undirilishi yuzasidan Hal qiluv qarori chiqardi.
Rustamjon Maradjapov
Farg`ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий