Almashtirilmaydigan tovarlar to`g`risida nimalarni bilasiz?
«Istemolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi qonunning 18-moddasiga asosan, iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo`lmasa, pulini qaytarib olishga haqli.
Almashtirib olish tartibi va almashtirib berilmaydigan tovarlar ro`yxati O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tasdiqlaydigan qoidalar bilan belgilanadi.
«O`zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasida, «Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro`yxati» tasdiqlangan bo`lib, unga quyidagi tovarlar kiritilgan:
1. Uy sharoitlarida kasalliklarni profilaktika qilish va davolash uchun tovarlar (metall, rezina, to‘qimachilik va boshqa materiallardan tayyorlangan sanitariya va gigiyena buyumlari, tibbiy buyumlar, priborlar va apparatlar, og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi vositalari, ko‘zoynak linzalari, bolalarni parvarish qilish buyumlari, dori vositalari.
2. Shaxsiy gigiyena buyumlari (tish cho‘tkalari, taroqlar, soch to‘g‘nog‘ichlar, soch bigudilari, ulama sochlar, shinonlar va boshqa shu kabi tovarlar.
3. Attorlik-pardoz tovarlari.
4. To‘qimachilik tovarlari (ip-gazlama, zig‘ir tolali, ipak, jun va sintetik gazlamalar, gazlama tusidagi noto‘qima materiallardan tayyorlangan tovarlar — lentalar, jiyaklar, to‘rlar va boshqalar); kabel mahsulotlari (simlar, shnurlar, kabellar); qurilish va pardozlash materiallari (linoleum, plyonka, gilam qoplamalar va boshqalar) hamda metrlab sotiladigan boshqa tovarlar.
5. Tikuvchilik va trikotaj buyumlari (tikuvchilik buyumlari va trikotaj ichki kiyimlar, paypoq va qo‘lqop buyumlari).
6. Polimer materiallardan tayyorlangan, oziq-ovqat materiallari bilan bog‘liq bo‘lgan, shu jumladan bir marta foydalaniladigan buyum va materiallar (oshxona va kuxnya idish-tovoqlari va anjomlari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tashish uchun idishlar va o‘rov materiallari).
7. Maishiy kimyo tovarlari, pestitsidlar va agroximikatlar.
8. Mebel (mebel garniturlari va to‘plamlari).
9. Qimmatbaho toshlardan foydalangan holda qimmatbaho metallardan tayyorlangan, yarim qimmatbaho va sintetik toshlardan foydalangan holda qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar, silliqlangan qimmatbaho toshlar (mazkur Qoidaning 99-bandida keltirilgan xolatlar bundan mustasno).
10. Avtomobillar va motovelotovarlar, ularga tirkamalar va nomerli agregatlar; qishloq xo‘jaligi ishlari uchun kichik mexanizatsiya ko‘chma vositalari; sayr qilish qayiqlari va boshqa maishiy suzish vositalari.
11. Kafolat muddatlari belgilangan texnik jihatdan murakkab maishiy tovarlar (metall qirquvchi va yog‘ochga ishlov beruvchi maishiy dastgohlar; maishiy elektr mashinalari va maishiy elektr priborlari; maishiy radioelektron apparat; maishiy hisoblash va ko‘paytirish texnikasi; foto va kinoapparatlar; telefon apparatlari va faksimil apparati; elektr musiqa asboblari; elektron o‘yinchoqlar).
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Отправить комментарий