Murojaatlar iste’molchilar foydasiga hal etildi
Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Toshhovuz mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Sh.Q.ning tuman prokuraturasiga qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, “Hududgaz Farg‘ona” gazta’minoti filialining 2020 yil 20 avgustdagi “Aholi va ulgurji iste’molchilarni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi 40-sonli buyrug‘i asosida mazkur hududda xatlov o‘tkazayotgan xodimlar 24 avgust kunida iste’molchi xonadonida ham bo‘lishib, xonadonda o‘rnatilgan gaz jihozlari va gaz hisoblash uskunasini xatlovdan o‘tkazganlar. Xatlov xonadonning foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlardan 563 180 (besh yuz oltmish uch ming bir yuz sakson) so‘m qarzdorligi mavjudligini ko‘rsatgan. Bu haqda gaz ta’minoti idorasi chilangari A.I. tomonidan xatlov dalolatnomasi tuzilib, unga iste’molchi Sh.Q.ning turmush o‘rtog‘i tanishib imzosini qo‘ygan. Oradan 3 kun o‘tib, ya’ni 27 avgust kunida gaz ta’minoti idorasi xodimi M.M. iste’molchi xonadoniga kelib, qarzdorlik sabab xonadonni gaz tarmog‘idan uzishini aytadi. Iste’molchi qarzdorlikni to‘lab qo‘yishi uchun hech bo‘lmasa 1 kun muhlat berilishini so‘rab, ularga qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan yozma ravishda ogohlantirish xati berilmaganligini ham eslatadi. Lekin gaz idorasi xodimi o‘tkazilgan xatlov ogohlantirish xati o‘rnini bosishini, iste’molchiga berilgan muhlat tugaganligini aytadi va dalolatnoma tuzib xonadonni gaz tarmog‘idan uzadi.
Biroq amaldagi tartib qoidalarga ko‘ra (Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 484-son qarori bilan tasdiqlangan “Iste’molchilarni elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”), elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorliklari mavjud bo‘lgan iste’molchilar yozma ravishda ogohlantirilishlari, unga ko‘ra qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun muhlat berilishi, mazkur muddat o‘tgach ham iste’molchi qarzdorlikni bartaraf etmasa xonadonni tarmoqdan uzish bo‘yicha ishlarni olib borishlari lozim edi. Yuqoridagi holatda esa iste’molchiga yozma ravishda ogohlantirish xati berilmagan, shuningdek xatlov o‘tkazilganining 3 kunida tarmoqdan uzilgan.
Tuman jamiyati tomonidan iste’molchi murojaatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, gaz idorasi xodimlari tomonidan amaldagi tartib qoidalarni buzilishi holati bo‘yicha tuman prokuraturasiga ma’lumotnoma chiqarilib, iste’molchini qaytadan tarmoqqa ulash choralari ko‘rildi.
Yana bir holat. Xonobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi M.Aliqulov tuman jamiyatiga yozma murojaat qilib, xonadonidagi suyultirilgan gaz balloni 3 oydan beri almashtirib berilmaganidan noroziligini bildirgan.
Mazkur hududda o‘tkazilgan o‘rganish, shuningdek murojaat egasining qo‘ni-qo‘shnilaridan so‘rab surishtirish davomida, ularning suyultirilgan gaz ballonlari bir hafta oldin to‘ldirib berilganligi (to‘lasiga almashtirib ketilganligi), shu kuni M.Aliqulovlar xonadonida hech kim bo‘lmagani sababli ularning gaz ballonlarini olib ketishninng imkoni bo‘lmaganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish doirasida mazkur xonadonni suyultirilgan gaz balloni bilan ta’minlash choralari ko‘rildi.
Yuqoridagi har ikki holatda fuqarolarga, shuningdek mas’ul xodimlarga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi, iste’molchilarga esa tegishli soha mutaxassislari tomonidan tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishda texnika xafsizligi qoidalariga amal qilish yuzasidan qo‘shimcha tushuntirishlar ham berib o‘tildi.
Shavkatjon Saidov
Yozyovon tuman IHHQJ bosh mutaxassisi
Отправить комментарий