Uch yillik kafolat bilan sotilgan tovar uch oyda ish ko‘rsatdi
Toshloq tumani O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi T. Ibrohimov yaxshi niyatlar bilan oilasi uchun Farg‘ona shahridagi “Garant mebellari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli savdo do‘konidan xarid qilgan Shivaki rusumli televizori uch oy ichida yaroqsiz holatga kelib qolgan.
Iste’molchining jamiyat xodimlariga tushuntirishicha, sotuvchi do‘kondan iste’mol krediti shartlarida, narxini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan 3 600 000 so‘mga sotib olingan mazkur televizorni 3 yillik kafolat muddati borligini aytgan. Lekin televizorning “o‘n gulidan bir guli ochilmay”, uch oydayoq “tobi qochgan”. Iste’molchi mazkur masalada sotuvchi bilan muzokaraga kirishib, o‘z qonuniy huquqlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqara olmagach, Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga og‘zaki ravishda murojaat bilan kelgan.
Amaldagi qonunga ko‘ra, tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga neustoyka (penya) to‘laydi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida tomonlarga qonunchilikning yuqoridagi talablari, shuningdek sotuvchi va iste’molchining huquq va majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar olib borildi. Natijada foydalanish jarayonida nuqsoni aniqlangan televizor sotuvchi tomonidan bepul ta’mirlab berilib, iste’molchining qonuniy talabini qondirilishiga erishildi.
Xusnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий