Qarzdorlik asossiz ekan

Qarzdorlik asossiz ekan

Fuqaro ichimlik suvini ko‘cha kolonkasidan tashib ichsada, xonadonida ichimlik suvi tarmog‘i mavjud iste’molchi tarifida hisob-kitob qilib kelingan.

Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tuman hududida istiqomat qiluvchi F.Payg‘amovaning ichimlik suvi iste’moli bo‘yicha 840000 (sakkiz yuz qirq ming) so‘m qarzdorlik yuzasidan norozi bo‘lib yozgan murojaati bo‘yicha o‘rganish olib bordilar.

O‘rganishda ichimlik suv ta’minoti korxonasi mijozlar bo‘limida fuqaro xonadoni uchun yuritilgan № 07…….84 shaxsiy abonent raqamida 2021 yil 1 yanvar’ holatiga 851000 so‘m va joriy yilning yanvar’-fevral’ oylari uchun 75000 so‘m, jami 926000 so‘m qarzdorlik vujudga kelganligi qayd qilindi. Ajablanarlisi shundan iboratki, korxonada mazkur fuqaro xonadoni ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan iste’molchi sifatida bazaga kiritilib, hisob-kitoblar ham ana shu tarif bo‘yicha yurgizib kelingan. Aslida esa mazkur xonadon hali-hanuz ichimlik suvini ko‘cha kolonkasidan tashib iste’mol qilib kelmoqda ekan.

Olib borilgan o‘rganish va tahlillar doirasida mahalla fuqarolar yig‘ini hamda tuman “Suvoqava” DUK mutaxassislari ishtirokida xonadon ichimlik suvini ko‘cha kolonkasidan tashib iste’mol qilib kelayotgani haqida dalolatnoma tuzildi hamda ichimlik suvi ta’minoti korxonasiga taqdim qilindi.

O‘rganishda to‘plangan hujjatlar asosida xonadonni ko‘cha kolonkasidan foydalanuvchi sifatidagi iste’molchi toifasiga o‘tkazilishi bilan qayta hisob-kitoblar olib borilganda, F.Payg‘amovaning ichimlik suvi to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi, hattoki 72000 (etmish ikki ming) so‘m oldindan to‘lovdaligi qayd qilindi.

Murojaatni o‘rganish doirasida tomonlarga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi Qonuni mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntiish va targ‘ibot ishlari ham olib borildi.

Baxtiyor Jo‘raev
Beshariq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий