Xalqaro reysda uchish qaroridan qaytgan yo‘lovchiga chipta puli qaytarildi
Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Porloq mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi X.Qo‘chqorovning aviachipta pulini qaytarish masalasidagi murojaati o‘rganildi.
Murojaatda bildirilishicha, iste’molchi 2022 yilning 2 yanvar’ kunida Qoratepa mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan aviachiptalar sotish shahobchasidan o‘g‘li D.Qosimov nomiga Qozog‘iston Respublikasiga uchish uchun chipta sotib olgan. Biroq oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan qo‘shni davlatda boshlanib ketgan tartibsizliklar va Qozog‘istonning bir qancha davlatlar bilan aviaqatnovlarni noma’lum vaqtga to‘xtatilganidan xabar topgan iste’molchi shahobchaga murojaat qilib, chipta uchun to‘langan pulni qaytarilishini so‘raydi. Sotuvchidan rad javobini olgach, o‘z huquqini himoya qilinishini so‘rab tuman iste’molchilar uhquqlarini himoya qilish ajmiyatiga murojaat qiladi.
Murojaat “EASY BOOKING” kompaniyasi xodimi hamkorligida o‘rganilganda, iste’molchi tomonidan ko‘rsatilgan vajlar isbotini topdi. Kompaniya vakiliga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari tushuntirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Havo kodeksi” 104-moddasiga asosan, yo‘lovchi havo transportida tashish shartnomasi amal qilib turgan istalgan vaqtda — yo‘lovchi uchun joy band qilib qo‘yilgan havo kemasi parvoz qilgunicha yoki parvoz qilganidan keyin yo‘nalish manzillaridan birida havo transportida tashish shartnomasini bekor qilish va tashish uchun to‘langan summaning hammasini yoki bir qismini tashuvchining tariflarini qo‘llash qoidalarida belgilangan tartibda olish huquqiga ega.
Shu o‘rinda, iste’molchi tomonidan shartnomani bekor qilinishiga qonunlarda belgilab qo‘yilgan qonuniy huquqlaridan foydalanish istagi emas, balki yuzaga kelgan fors major holatlar oqibatida shunday qaror qabul qilishga majbur bo‘linishi ham asos bo‘lganligini aytib o‘tish lozim.
O‘tkazilgan o‘rganish natijalari bilan iste’molchining qonuniy talablari ro‘yobga chiqarilishiga hamda unga aviachipta sotib olish uchun to‘lagan 1530000 (bir million besh yuz o‘ttiz ming) so‘m pulini qaytarilishiga erishildi.
Shavkatjon Saidov
Yozyovon tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий