Iste’molchining to‘laqonli ma’lumot olish huquqi ta’minlab berilmasligi kelgusida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqaraveradi

Iste’molchining to‘laqonli ma’lumot olish huquqi ta’minlab berilmasligi kelgusida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqaraveradi

Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Samarqand qishlog‘ida yashovchi Q. G‘oziyevdan murojaat kelib tushgandi. Murojaatda iste’molchi bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan suv purkagichda nuqson chiqqanligi, sotuvchi esa nuqsonli tovarni boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib bermayotganligi ma’lum qilinadi.

O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, Q.G‘oziyev tuman hududida faoliyat olib borayotgan “ISHONCH” savdo markazidan RTRMAX RTM 709 yuqori bosimli suv purkagichni 1704584 (bir million yetti yuzi to‘rt ming besh yuzi sakson to‘rt) so‘mga, tovar narxini bir yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan. Tovardan foydalanish jarayonida unda nuqsonlar kuzatilgach, savdo markaziga uni boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirish masalasida murojaat qilgan, lekin savdo markazi mas’ullari nuqsonli tovar almashtirilmasligi, balki servis markazida ta’mirlanishi yuzasidan tushuntirish berish bilan masalani hal qilishga uringanlar.

Haqiqatan ham sotuvchilar yuqoridagi kabi holatlar yuzaga kelganda: «Tovarni men ishlab chiqarmaganmanku, ana servis markaziga boring?», — deyish bilan masalani hal qildik, deb hisoblashadi. Natijada kichkinagina muammo kattalashib boraveradi.

Agar sotuvchi qonun bo‘yicha o‘zining huquqlarini yaxshi bilsa, majburiyatlari borligini ham unutmasligi kerak. Aynan, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasida sotuvchi iste’molchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi xizmat ko‘rsatishning qoidalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berishi shartligi, 6-moddasida esa tovar(lar) haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Tovar haqidagi ma’lumot ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta’mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari to‘g‘risida berilishi shart bo‘lgan ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi. Biroq kundalik turmush jarayonidagi oldi-sotdida sotuvchi mahsulotini tezroq sotishga intilganidek, xaridor ham o‘zi tomonidan xarid qilingan yangi tovarni tezroq uyiga eltib, undan ko‘zda tutilgan maqsadlarda foydalanishga shoshiladi. Natijada bunday holatlarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ketma-ketligi yo chalkashib ketadi yoki umuman bajarilmasdan qoladi. Lekin sotuvchi, har qanday sharoitda ham, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni to‘laqonli bajarishga intilishi kerak. Bu esa kelgusida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ko‘p muammo va tushunmovchiliklarni oldini oladi.

Endi yuqoridagi murojaatni o‘rganish ishlariga qaytsak. Qonunning 13-moddasi birinchi qismida «agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa», degan jumla bor. Sotuvchining amaldagi qonun 5 va 6-moddalarining yuqorida sanab o‘tilgan talablari bajarilmagan yoki to‘laqonli bajarilmagan holatlar esa, biror muammo yoki nizoli holat kelib chiqqan holatlarda, ushbu holatga qonuniy yechim topilishida uni aynan «agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa», degan norma bilan ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘ladi. Natijada iste’molchida, ayrim protseduralarni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 13-moddaning birinchi qismida sanab o‘tilgan 5 ta huquqni ro‘yobga chiqara olish imkoniyati vujudga keladi. Bulardan biri esa sotuvchiga tovarni almashtirish talabini qo‘yilishidir.

Endi ushbu holat yuza kelganda, sotuvchiga nuqsonli tovarni sotuvchidan qabul qilib olib, uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berish majburiyati yuklatiladi. Agar ushbu majburiyat o‘z muddatlarida bajarilmasa, sotuvchi o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashiga olib keladi.

Iste’molchi Q.G‘oziyevning murojaatini o‘rganish jarayonida qonun talablari yuzasidan berilgan shu kabi tushuntirishlar natijasida, nuqsonli tovar iste’molchidan qaytarib olinib, o‘rniga xuddi shu rusumdagi, maqbul sifatdagi boshqa yuqori bosimli suv purkagich yetkazib berilishiga erishildi.

Dilorom Mirzayeva
Bag‘dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий