Ko‘rsatkichlari bo‘yicha “qizil”dan “yashil”gacha bo‘lgan darajani egallagan ta’lim muassasalari tahlil qilindi

Ko‘rsatkichlari bo‘yicha “qizil”dan “yashil”gacha bo‘lgan darajani egallagan ta’lim muassasalari tahlil qilindi

Bugun Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasida boshqarma boshlig‘i Sherzodjon Dolimov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda o‘z bitiruvchilarining test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi ko‘rsatkichlari bo‘yicha turli rang darajalariga ajratilgan umumta’lim maktablari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan tadbir ishtirokchilariga atroflicha ma’lumotlar berib o‘tildi.

Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2021 yil 17 oktyabrdagi 08-3018-son topshirig‘i hamda Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 22 oktyabrdagi 02-02/2-2875-sonli xatiga asosan, Davlat test markazi ma’lumotlari asosida 2020-2021-o‘quv yili maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida o‘tkazilgan test sinovi natijalari bo‘yicha bilim samaradorligi (o‘rtacha ball)ni tahlil qilgan holda to‘q qizil, qizil, sariq, yashil maktablarga ajratilgan.

Xususan viloyatimizning test sinovida o‘quvchilari o‘rtacha balli 56,6 dan past bo‘lgan 14 ta maktabi «to‘q qizil» maktab deb topilgan. Bular Farg‘ona tumanidagi 4 ta, Marg‘ilon shahridagi 3 ta, Toshloq tumanidagi 2 ta, Bag‘dod, Oltiariq, Rishton, So‘x va Furqat tumanlaridagi 1 tadan maktablardir. Bugungi kunda ushbu maktablarni «sariq» va «yashil» toifaga olib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ularga amaliy va uslubiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Bitiruvchilari soni bo‘yicha Farg‘ona va Qo‘qon shaharlaridan so‘ng 3-o‘rinda, test sinovida qatnashganlar soni bo‘yicha esa
10-o‘rinda bo‘lgan Buvayda tumani bitiruvchilari tomonidan olingan ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichlari (89,93 ball) bo‘yicha viloyatimizda birinchi o‘rinni qayd qilgan. Keyingi o‘rinlarda mos ravishda Bag‘dod (85,81 ball) va Rishton (85,34 ball) tumanlari.

Bitiruvchilarining test sinovlaridagi o‘rtacha balli 94,5 dan yuqori bo‘lgan maktablar soni Buvayda tumanida 18 tani (tumandagi jami maktablarga nisbatan 33%), Rishton tumanida esa 15 tani (jamiga nisbatan 24%) tashkil qilib, ularning ko‘rsatkichlari viloyat ko‘rsatkichidan anchagina yuqori. Lekin Quvasoy shahridagi maktablarning 85 %, So‘x tumanidagi 62 %, Marg‘ilon shahrida esa 59 % bitiruvchilari oliy ta’lim ta’lim dargohlariga kirish uchun test sinovlarida qatnashgan bo‘lsada, ushbu hududlarda alohida olingan hech bir maktab bitiruvchilarning o‘rtacha balli 94,5 va undan yuqori bo‘lgan ko‘rsatkichni qayd qila olmagan.

2020-2021 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, bitiruvchilari oliy ta’limda o‘qish ishtiyoqi baland bo‘lgan 3 ta eng yetakchi hududlar sifatida Quvasoy shahri (bitiruvchilarning 85%i), Furqat tumani (82%i), Farg‘ona tumanini (80%) ko‘rsatish mumkin. Qolgan hududlarda ishtiyoq ko‘rsatkichi 56 %dan 79 % gacha bo‘lgan diapazonda.

Matbuot anjumani doirasida, boshqarma mutasaddilari tomonidan, yuzaga kelgan holatni yaxshilash maqsadida tanlab olingan maktablarda turli o‘quv seminarlar tashkil qilinib, ularga amaliy va uslubiy yordamlar ko‘rsatilayotganligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2022 yil 9 martdagi 84-02-606-sonli xatiga asosan, ular bilan hamkorlikda aprobasiya testlari o‘tkazilayotganligi, shuningdek Tashxis markazi bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan bitiruvchilar soni eng kam bo‘lgan umumta’lim muassasalari bitiruvchilari va ularning ota-onalari ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazilib, farzandlarining kelajakda egallamoqchi bo‘lgan kasblari yoki oliy ta’lim muassasalariga yo‘naltirish maqsadida keng targ‘ibot ishlari olib borilayotganligi aytib o‘tildi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Отправить комментарий