Ma’rifat soati doirasida qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar muhokama qilindi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Farg‘ona viloyatidagi hududiy tashkilotlarida xodimlarning mamkakatimizda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha huquqiy bilimlarini oshirib borish maqsadida tizimli asosda ma’rifat soatlari o‘tkazib borilmoqda. Tadbirlarni talab darajasida o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida ularga kun tartibiga kiritilgan masalaga daxldor tashkilot va idoralarning mutaxassislari taklif qilinmoqda.
Navbatdagi ma’rifat soati O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 18 yanvardagi 746-son Qonuni bilan amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga bag‘ishlandi. Tadbirda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi Axborot xizmati rahbari G‘ayrat Mamatqulov ishtirok etdi va kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qildi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 221-I-son qonuni 1996 yil 26 aprelda qabul qilinib, o‘sha yili 17 maydan kuchga kirgan. Qonun 30 ta moddadan iborat.
Qonunga 15 marotaba turli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, shularning 7 tasi 2016-2022 yillarga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Respublikasining 746-son qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 12 ta bandni tashkil qilib, shu bandlardan 7 tasi (3,4,5,7,8,9,10,12-bandlari) qonun rasman e’lon qilingandan so‘ng kuchga kirgan, 4 tasi esa (1,2,6,11-bandlari) qonun rasman e’lon qilingan kundan boshlab 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar natijasida Qonunning 11 ta moddasidagi ayrim normalar o‘zgartirilgan bo‘lsa, ayrimlari esa yangitdan qo‘shilgan, qo‘shimcha bitta yangi 28-1-modda kiritilgan.
Shu kungi ma’rifat soati doirasida «Tochka zreniya-Nuqtai nazar» gazetasi bosh muharriri, «Nuqtainazar.uz» veb-sayti asoschisi Timur Yuldashevning «Medasavodxonlik — davr talabi» mavzusidagi ma’ruzasi ham tinglandi. Ma’ruzaning hayotiy misollar bilan uzviy bog‘langan holda o‘qilganligi tadbir ishtirokchilariga mavzuni osonroq o‘zlashtirishlari uchun zamin yaratdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Отправить комментарий