Kafolat taloniga muhr bostirib olishni unutmadingizmi, xaridor?
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Istiqlol ko‘chasida yashovchi T.Volodinaning O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatchining ma’lum qilishicha, u «Hamroh» savdo tarmog‘idan «AUX» rusumli kondisioner sotib oladi. Xonadonga o‘rnatilib ishga tushirilgan kondisioner bir necha kun ishlagandan so‘ng uning freon suyuqligi oqib ketgan. Bundan keyin esa, albatta, kondisioner yaxshi ishlamay qolgan. Yuzaga kelgan holat yuzasidan servis markaziga murojaat qilganida esa ular iste’molchining buyurtmasini qabul qilmaganlar. Bunga sabab qilib, xarid qilingan kondisionerning kafolat taloniga sotuvchi tomonidan muhr bosib berilmaganligi ko‘rsatilgan.
Ma’lumki, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarda foydalanish yo‘riqnomasi bilan birgalikda kafolat taloni ham bo‘ladi. Oldi-sotdi amalga oshirilgach, ana shu talonga sotuvchi tomonidan tovar xarid qilingan kun ko‘rsatilib, imzo va muhr qo‘yib beriladi. Xo‘sh, buning nima ahamiyati bor dersiz?
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarning kafolat muddati tovar iste’molchiga sotilgan kundan boshlab hisoblanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Agar tovar sotilgan kunni aniqlashning imkoni bo‘lmasa, bu muddat tovar ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Endi e’tibor qiling: Siz 2022 yilning yoz oylarida savdo do‘konidan 2021 yilda ishlab chiqarilgan muzlatgichni bir yillik kafolat muddati bilan sotib oldingiz. Qo‘lingizdagi tovar bilan qo‘shib berilgan hujjatlari ichidagi kafolat taloni qismiga sotuvchi tovarni sotib olgan kunni qo‘yib, imzo va muhr bosib berishni unutdi (Siz ham bunga e’tibor qaratmadingiz yoki bu tartibdan umuman bexabar bo‘lishingiz mumkin). Lekin oradan olti oy o‘tib, ya’ni 2022 yilning dekabr oylariga kelib tovarda nuqson borligi ma’lum bo‘lib, siz kafolat muddati ichida tovarni bepul ta’mirlatish maqsadida servis markaziga murojaat qildingiz. Servis markazida esa kafolat talonida muhr yo‘qligi sababli, Sizdan tovarni 2022 yil yoz oylarida sotib olganligingizni isbotlashingizni talab qilishlari mumkin, Agar isbotlay olmasangiz, tovarning kafolat muddati 2021 yildan, ya’ni ishlab chiqarilgan sanasidan boshlab sanalib, uning kafolat muddati o‘tib bo‘lgan deb hisoblanadi hamda Siz nuqsonli tvoarni bepul ta’mirlatish imkoniyatidan mahrum bo‘lasiz.
To‘g‘ri, iste’molchi T.Volodinaning murojaatini o‘rganish davomida sotuvchi bilan tushuntirish ishlari olib borilib, u xarid qilgan kondisionerning kafolat taloniga savdo amalga oshirilgan kun to‘g‘risida ma’lumot qo‘yilib, imzo va muhr bostirib berildi va o‘z-o‘zidan servis markazida unga bepul servis xizmatlari ko‘rsatildi. Lekin iste’molchilarimiz uzoq muddat foydalaniladigan tvoar arid qilayotganlarida yuqorida bildirilgan fikrlar va uhqonun talablarini ham unutmasalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi, albatta.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Отправить комментарий