Adashib marhumning bank kartasiga kelib tushgan pul mablag‘i notarius orqali meros sifatida olinadimi?

Adashib marhumning bank kartasiga kelib tushgan pul mablag‘i notarius orqali meros sifatida olinadimi?

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Farg‘ona shahrida yashovchi S.A. ning mobil ilova orqali unga kelib tushishi kerak bo‘lgan summaning boshqa shaxsning bank kartasiga kelib tushganligi, mablag‘ni o‘z bank kartasiga qaytarishida muammolar kelib chiqayotganligi borasidagi murojaati o‘rganildi.

Iste’molchi o‘z murojaatida Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan yaqin tanishi M.M. dan 2 mln 491 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘i, mobil ilova orqali, bank plastik kartasiga o‘tkazib berilishi jarayonida tushunmovchilik yuzaga kelganligini, sababi o‘zi bundan bexabar bo‘lgani holda uning telefon raqamiga marhum otasining ham bank kartasi biriktirilganligi, oqibatda pul 2017 yili olamdan o‘tgan padari buzrukvori nomidagi bank kartasiga kelib tushganligi, pul kelib tushgan kartaning esa uning qo‘lida emasligi, qaerdaligini ham bilmasligini, endi ushbu pul mablag‘ini o‘zining bank kartasiga qaytarishda muammo bo‘layotganligini bayon qiladi. Iste’molchi pul mablag‘i boshqa kartaga tushganligini tanishi unga pul o‘tganligini aytganidan so‘ng bankomatdan naqdlashtirmoqchi bo‘lganida bilgan. Yanayam aniqrog‘i bankomat karta balansida bu miqdordagi mablag‘ yo‘qligini ko‘rsatgach, tijorat bankiga murojaat qilib, SMS xabarnoma kelgani holda kartada pul mablag‘i yo‘qligini aytganidan so‘ng, bank xodimi unga kartaga haqiqatda pul kelib tushmagani, SMS xabarnoma esa uning telefon raqamiga boshqa karta ham biriktirilganligi sababidan kelganligini tushuntirgandan so‘ng ma’lum bo‘lgan.

Bundanam qiziq ishlar keyin boshlanadi. U otaning hisob raqamidagi pulni o‘z hisob raqamiga o‘tkazib berishlarini yoki tanishiga qaytarib yuborilishini so‘raganida bankdagilar unga pul marhumning hisob raqamidagiligidan kelib chiqib, masala notarius orqali hal bo‘lishini, shundan so‘ngina pulni boshqa raqamga ko‘chirilishini aytadilar. Ushbu holatda nima qilishni bilmay boshi qotgan iste’molchi masalani yechimini topilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Marg‘ilon shahar jamiyatiga murojaat qiladi.

Murojaatni tijorat banki mas’ullari ishtirokida o‘rganish jarayonida amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra, agar «marhumning hisobidagi pul mablag‘i uning vafotiga qadar tushgan bo‘lsagina masalaga notarial idoralar aralashishi va mablag‘ meros sifatida olinishi mumkin”ligi asos qilib olinib, S.A.ning tanishidan kelib tushgan pul mablag‘ini uning o‘z bank plastik kartasiga o‘tkazib berish talabi qo‘yildi. Natijada tijorat banki mas’ullari ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirganlaridan so‘ng, pul mablag‘i S.A.ning bank plastik kartasiga o‘tkazib berildi.

Ushbu fursatdan foydalangan holda, iste’molchilardan turli mobil ilovalar bilan ishlashda, shuningdek o‘z shaxsiy ma’lumotlarini internet tarmog‘idagi turli ilovalarga kiritishda, bank plastik kartochkangizga oid ma’lumotlarni tarqatishda ehtiyotkor va hushyor bo‘lishni so‘rab qolamiz.

Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий