Abonent hisob raqamidagi chalkashliklar bartaraf qilindi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Jo‘ydam» mahalla fuqarolari yig‘inida yashovchi, Federatsiyamiz a’zosi A.D.ning suv ta’minoti korxonasidagi abonent hisob raqamidagi chalkashliklar masalasidagi murojaati o‘rganildi.
Shahardagi ishlab chiqarish korxonalaridan birida mehnat faoliyati olib boruvchi ushbu murojaatchining so‘zlariga ko‘ra u suv ta’minoti korxonasidagi hisob raqamiga to‘lovlarni muntazam ravishda amalga oshirib tursada unga ichimlik suvidan bo‘lgan qarzdorlikni bartaraf qilishi lozimligi to‘g‘risida ogohlantirishlar kelavergan. Ushbu masalada suv ta’minoti korxonasi mas’ullariga uchrashganidan so‘ng ham masala to‘liq hal bo‘lmasdan paysalga solib kelingan.
Murojaat «Farg‘ona suv ta’minoti» MChJning shahar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘rganilganda ushbu chalkashliklarni kelib chiqishiga bo‘limning operator-billing bazasiga A.D.ning yashash manzili va kadastr ma’lumotlari noto‘g‘ri birikib qolganligi sabab bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari davomida abonentning hisob raqamidagi mazkur xatoliklar to‘g‘rilanib, muammo to‘liq bartaraf qilindi.
Hurmatli iste’molchilar, shu o‘rinda «O`zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatining uzsuv.uz rasmiy saytida ichimlik suvi iste’molchilarining shaxsiy kabinetlari tashkillanganligini, bu yerda ro‘yxatdan o‘tib o‘z ichimlik suvi yetkazib beruvchi korxonangizda ochilgan shaxsiy hisob raqamingizdagi o‘zgarishlarni doimiy va onlayn tarzda kuzatib, nazorat qilib borishingiz mumkinligini ham eslatib o‘tamiz.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi
Отправить комментарий