Besh oy davomida foydalanishda bo‘lgan televizorda nuqson chiqqach u boshqasiga almashtirildi
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga shaharning O‘rikzor ko‘chasida yashovchi G.U. murojaat qilib, xarid qilingan televizorning nuqsonli chiqqanligi va uni maqbul sifatdagisiga almashtirishda amaliy yordam so‘ragandi.
Iste’molchining ma’lum qilishicha, u shahardagi savdo komplekslarining birida faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkor G‘. A. dan “Artel” markasi TV LED UA32H3200 modelli televizorni 2022 yilning 27 dekabr kunida 3 mln 780 ming so‘mga xarid qilganidan so‘ng, undan kafolat muddati davomida foydalanishi chog‘ida nuqson yuzaga kelgan. Muammoni o‘z kuchi bilan hal qila olmaganligi sababli, bu boradagi qonuniy huquqlaridan foydalanib, nuqsonli tvoarni maqbul sifatdagisiga almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Albatta, amaldagi qonunchilik xarid qilingan uzoq muddat foydalaniladigan tovarda kafolat muddati ichida nuqsonlar yuzaga kelsa va mazkur nuqsonlar iste’molchining aybi bilan vujudga kelmagan bo‘lsa, iste’molchiga uni xarid qilingan joydagi sotuvchidan maqbul sifatdagisiga almashtirib olish huquqini beradi. Shundan kelib chiqqan holda, shahar jamiyati mutaxassislari sotuvchi bilan uchrashib, unga amaldagi qonunchilik talablarini va mazkur talablarni bajarmaslik keltirib chiqaruvchi huquqiy oqibatlarni tushuntirdilar. Sotuvchi esa o‘z navbatida qonun talablari ijrosini ta’minlab, iste’molchining nuqsonli televizorini xuddi shu markadagi maqbul sifatdagisiga almashtirib berdi.
Muhammadjon O‘lmasov,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Отправить комментарий