Shahar jamiyati sa’y-harakatlari bilan sud buyrug‘i bekor qilinishiga erishildi

Shahar jamiyati sa’y-harakatlari bilan sud buyrug‘i bekor qilinishiga erishildi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan O‘zbekiston tumani «Buzuqqo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro M.M.ning manfaatlarini ko‘zlab, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga kiritilgan E’tiroznoma mazkur sud idorasi tomonidan ko‘rib chiqilib, fuqaroning foydasiga ajrim chiqarildi.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksi (FPK)ning 170-moddasiga binoan, sud buyrug‘i nizosiz talablar bo‘yicha sud muhokamasi o‘tkazmasdan berilgan sud hujjatidir. Sud buyrug‘i ijro hujjati kuchiga ega. Sud buyrug‘i bo‘yicha undiruv buyruq berilganidan keyin o‘n kunlik muddat o‘tgandan keyin va sud hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Kodeksning 181-moddasida esa, sud buyrug‘ini bekor qilish tartiblari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, qarzdor arz qilingan talabga qarshi e’tirozlarini buyruqni bergan sudga sud buyrug‘ining ko‘chirma nusxasini olgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda yuborishga haqli. Bunday holda sud’ya sud buyrug‘ini bekor qilib, bu haqda ajrim chiqaradi.

Shahar jamiyati tomonidan sudga kiritilgan E’tiroznomada fuqaro M.M.ga nisbatan «MAHSUS GARANT AVTO SERVIS» MChJ foydasiga 605 516 so‘m kommunal xizmat uchun qarzdorlik summasi, 16 500 so‘m sud harajatlari va 330 000 so‘m davlat boji undirish to‘g‘risida chiqarilgan sud buyrug‘ini bekor qilish so‘ralgandi. Sud buyrug‘ini bekor qilishga esa, fuqaro Farg‘ona shahridagi A.Qodiriy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uydagi xonadonlardan biriga egalik qilishi, xonadonda hech kim yashamasligi va «MAHSUS GARANT AVTO SERVIS» MChJ bilan qayta hisob-kitob ishlari natijalariga ko‘ra, mazkur tashkilotdan qarzdorlik mavjud emasligi bo‘yicha ma’lumotnoma olinganligi, fuqaro tomonidan shu kunga qadar ushbu tashkilotdan ogohlantirish xatlari, da’vo talabnomasi kabi hujjatlar olmaganligi asos qilib ko‘rsatilgandi.

E’tiroznoma sud idorasida 2023 yil 10 iyul kunida ko‘rib chiqildi va sud FPKning 271-273-moddalarini qo‘llab, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 15.06.2023 yildagi 2-1501-2302/30514-sonli sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risida ajrim chiqardi.

Azamatjon Babayev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi

Отправить комментарий