Ko‘rsatilmagan xizmat haqi chegirilib, qarzdorlik bartaraf qilindi
Rishton tuman M.Topvoldiyev mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro U.I. maishiy chiqindilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona xizmatlaridan norozi bo‘lib O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Iste’molchi murojaatida mahallalari hududiga maishiy chiqindilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Agro Rishton ta’mir servis» MCHJga qarashli maxsus texnikalar u istiqomat qiladigan ko‘chaga kirib, chiqindilarni olib ketish xizmatlarini ko‘rsatmagan bo‘lsada, uning xonadoniga bu borada 162 000 so‘m qarzdorlik hisoblangani, qarzdorlikni bartaraf qilishi lozimligi to‘g‘risida ogohlantirishlar berilganligini ma’lum qiladi va masalaga qonuniy yechim topilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida tuman jamiyati tomonidan korxonaga so‘rov xati kiritilganida, korxonadan holat fuqaroning xonadoniga borib o‘rganilganligi, haqiqatda ham u istiqomat qiladigan ko‘chaga korxonaning chiqindi tashish mashinasi kira olmasligi, shundan kelib chiqib unga nisbatan hisoblangan qarzdorlikni ham bartaraf etilganligini tasdiqlovchi javob xati olindi.
Murojaatni o‘rganish doirasida tomonlarga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik asoslari, yuqoridagi kabi holatlarda tuziladigan ommaviy shartnomalar va ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.
Xusniddin Latipov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий