Iste’molchining sakkiz million so‘mdan ortiqroq puli qaytarib olib berildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Yorug‘lik» ko‘chasida istiqomat qiluvchi Q.B.ning xarid qilingan pech bilan bog‘liq muammolar yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro joriy yilning iyun-iyul oylarida shahardagi «Xitoy» savdo uyidan bir dona elektr pechni 6 000 000 so‘mga xarid qiladi. Lekin iste’molchi xonadonida elektr toki kuchlanishi pastligi sabab ushbu pechdan to‘laqonli foydalana olmagach, do‘konga qaytarib olib keladi. Sotuvchi qo‘shimcha 2 220 000 so‘m to‘lov qilib, elektr pech o‘rniga gazda ishlaydiganini xarid qilishni tavsiya qiladi. Sotuvchining ushbu taklifiga rozi bo‘lgan iste’molchi pechni olib ketib, M. ismli usta yordamida pechni o‘rnatadi.
Lekin pech nafaqat tabiiy gazda, balki unga sinov tariqasida ulab ko‘rilgan suyultirilgan uglevodorod (propan) gazida ham yaxshi ishlamagan. Pechni obdon ko‘zdan kechirgan usta u oldin iste’molda bo‘lganligini taxmin qilib, iste’molchiga ruchka qismidagi nuqsonni ham ko‘rsatadi. Shundan so‘ng pech yana sotuvchiga qaytarib olib kelinadi va to‘langan pul summasini qaytarish talabi qo‘yiladi. Pech o‘sha kuni olib qolingan bo‘lsada, iste’molchining pulini qaytarish ishlari paysalga solinavergach, iste’molchi shahar jamiyatiga bu borada murojaat qilib, amaliy yordam so‘raydi.
Murojaatni o‘rganish ishlari davomida jamiyat mutaxassislari savdo uyi mas’ullari bilan uchrashib, amaldagi qonun talablarini o‘zida aks ettirgan da’vo talabnomasini topshirganlaridan so‘ng, murojaatchining muammosiga tezkorlikda ijobiy yechim topilishiga erishildi hamda o‘rganish yakunlari bilan iste’molchiga 8 220 000 so‘m puli qaytarildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий