Jamoatchilik nazorati tadbirlari davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”i qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi PF-6181-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi», 2023 yil 4 apreldagi «Aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan tam’inlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-110-son qarori, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarori, shuningdek O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Ustaviga muvofiq, iste’molchilar huquqlarini himoya qilinishini ta’minlash, aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, xususan, sertifikatlanmagan, saqlash muddati o‘tib ketgan, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarilishi va realizasiya qilinishi holatlariga chek qo‘yishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida hududlardagi savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish shohobchalarida jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganishlar o‘tkazib borilmoqda.
O‘rganishlar doirasida iste’molga yaroqsiz deb topilgan tovarlarni amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli davlat organlari tomonidan yo‘q qilinishi (buning iloji bo‘lmagan taqdirda, monitoring o‘tkazilayotgan sub’ektning moddiy javobgarligi asosida dalolatnoma tuzgan holda vaqtincha saqlovga topshirish va keyinchalik belgilangan tartibda yo‘q qilinishi) choralari ko‘rilishi belgilangan.
Federatsiyaning yuqoridagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida, Raqobat boshqarmasi, Texnik jixatdan tartibga solish, Sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi, Yong‘in xavfsizligi idoralarining vakillari hamda Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda, Toshloq hamda Yozyovon tumanlarida tanlama asosda jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida Toshloq tumanida umumiy qiymati 229 000 so‘m bo‘lgan 8 turdagi yaroqlilik (saqlash) muddatlari o‘tgan hamda 16 turdagi umumiy qiymati 1 110 000 so‘m bo‘lgan ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlari, Yozyovon tumanida esa umumiy qiymati 251 000 so‘m bo‘lgan 4 turdagi yaroqlilik (saqlash) muddatlari o‘tgan hamda 14 turdagi umumiy qiymati 1 461 000 so‘m bo‘lgan ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlari savdodan olindi hamda mas’ullarga bunday qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilishi qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ma’lumot uchun:
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi oltinchi xatboshisiga asosan, dori vositalari va tibbiy buyumlarda, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizasiya qilish man etiladi.
Отправить комментарий