Ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari huzurida
Huquqiy atamalar orasida «huquq layoqati» degan tushuncha bo‘lib, ushbu layoqat inson tug‘ilganida vujudga keladi va inson umrining yakuniga qadar mazkur layoqatga ega bo‘ladi. Yana kundalik turmush jarayonida «iste’molchi» degan tushuncha ham ko‘p ishlatilib, iste’molchi deb e’tirof etilishi uchun insonda huquq layoqati mavjud bo‘lishi kifoya qiladi. Shu nuqtai nazardan ham yoshu qari, erkagu ayol — barchamiz iste’molchimiz, deyiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ta’lim muassasalarining o‘quvchilari — yosh iste’molchilar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazib borilib, ularda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik yuzasidan huquqiy bilimlarni shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar amalga oshirib kelinmoqda. Tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuv ham shular jumlasidandir.
Tadbirda maktabning yuqori sinf o‘quvchilariga yurtimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning vujudga kelishi, bu boradagi qonunning mazmun-mohiyati va kundalik turmush jarayonidagi tutgan o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida tushuntirishlar berilib, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.
Baxtiyor Jurayev,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий