Har xil «aksiya»larga qiziqib chuv tushib qolmaslik uchun hushyorlikni unutmang
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Qashqar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi M.A.ning o‘g‘li D.A.ga ish joyida o‘tkazilgan qandaydir «aksiya»da unga yaxshi tushuntirmasdan 2 454 000 so‘mga muddatli to‘lov shartlarida tovarlar rasmiylashtirilganligi, ushbu tovarlarni sotuvchiga qaytarilishi va shartnoma bekor qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaat egasiga ko‘ra. uning o‘g‘li D.A. ishlaydigan ishxonaga tashrif buyurgan va o‘zini Andijon viloyatidan deb tanishtirgan yigit sotuvda mavjud bo‘lgan tovarlarini reklama qilib, muayyan tovarni muayyan summaga sotib olinganda xaridor aksiya ishtirokchisiga aylanishini va shu yerni o‘zida o‘tkaziladigan loto o‘yinida qo‘shimcha tovar ham yutib olishini aytib, oldi-sotdi amaliyotini amalga oshirishga qiziqtirgan. Unga qiziqish bildirgan D.A. 450 000 so‘m to‘lab oshxona idish-tovoqlarini xarid qilishi barobarida loto o‘yini vositasida unga «yutuqqa» blender ham chiqqan. D.A. xarid qilingan idish-tovoqlar va yutuqni onasiga keltirib bergan. Lekin oradan ma’lum vaqt o‘tib, uning bank plastik kartasidan to‘lovlar yechila boshlagandagina ular tovarlar muddatli to‘lov shartlarida rasmiylashtirilganligini bilganlar.
Murojaatni o‘rganish jarayonida sotuvchi shartnoma asosida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot mas’ullari bilan bog‘lanilib, ularga «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasi, xususan tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi natijasida iste’molchining huquqlari buzilishi va buning ortidan kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar yuzasidan tushuntirishlar berilganida, sotuvchi tomoni tovarlarni qaytib olib, pullarni iste’molchiga qaytarishni ma’qul ko‘rdi.
Nigora Usmonova,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий