Maishiy texnikada yuzaga kelgan nuqsonlar bepul bartaraf etib berildi

Maishiy texnikada yuzaga kelgan nuqsonlar bepul bartaraf etib berildi

Toshloq tumani «Qo‘rg‘oncha» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro H.J. o‘tgan yilning oktyabr’ oyida tuman markazidagi savdo do‘konidan bo‘lib to‘lash sharti bilan 10 500 000 so‘mga “LG” rusumli kondisioner sotib oladi. Biroq, hech qancha vaqt o‘tmay, sotib olingan maishiy texnikada nosozliklar kuzatiladi. Ya’ni kondisioner qishki rejimda yaxshi ishlamasdan xonani isitmay qoladi. Bu haqda iste’molchi savdo markazi va mahsulotga texnik xizmat ko‘rsatish markaziga murojaat qiladi.

Ammo mas’ullar kondisionerni servis xizmati xodimlariga emas, balki boshqa ustalar tomonidan o‘rnatilganligi, nuqson montaj ishlari noto‘g‘ri bajarilganligi natijasida kelib chiqqanligi, shu sababli texnika mijoz hisobidan ta’mirlanishini, kafolatli qilib ta’mirlab berilish ishlari 600 000 ming so‘m evaziga amalga oshirilishi aytiladi. Iste’molchi tomonidan to‘lov amalga oshirilib, ta’mirlash ishlari bajarilsada bu bilan muammo hal bo‘lmaydi. Yana 13 kun deganda kondisionerda nuqson kuzatiladi. Iste’molchi yana servis markaziga murojaaat qiladi. Endi iste’molchidan freon gazini quyib berish uchun 250 000 so‘m, texnikani to‘liq ta’mirdan chiqarish uchun esa 1 200 000 so‘m xizmat haqi so‘raladi. Shundan so‘ng iste’molchi Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qiladi.

Murojaat hududiy tegishliligi bo‘yicha Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganilishi jarayonida servis markazi mas’ullariga amaldagi qonunchilik talablari, xususan ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari va ushbu holatda xizmat ko‘rsatuvchi (ijrochi)ning majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berilishi bilan yuzaga kelgan muammoni bartaraf etilishiga hamda maishiy texnikani bepul ta’mirlash ishlari amalga oshirilishiga erishildi.

Husnidaxon Yakubova,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Отправить комментарий