Iste’molchining ishonch telefoniga qilgan murojaati ijobiy yechim topdi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Farg‘ona tumanida yashovchi X.S.ning buyum bozori hududidagi do‘kondan 2 500 000 so‘mga sotib olgan ehtiyot qismlarini sifatsiz chiqqanligi sababidan ularni sotuvchiga qaytarib, pulini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishin so‘rab Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, u shahardagi «Ipakchilar buyum bozori» hududida joylashgan ehtiyot qismlar bilan savdo qiluvchi do‘kondan stanokda metall buyumlarga iz (rez’ba) chiqarishga xizmat qiluvchi detallarni xarid qilgan. Lekin detallar sifatsizligi ma’lum bo‘lgach, ularni sotuvchiga qaytarish, almashtirib olish yoki pulini qaytarib olish bo‘yicha qilgan sa’y-harakatlari samara bermagan. Shundan so‘ng Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaat shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchi bilan olib borilgan tushuntirish ishlari davomida u amaldagi qonunchilik talablari ijrosiga tayyorligini, sotilgan ehtiyot qismlarini qaytarib olib, pullarni iste’molchiga qaytarishini ma’lum qilib, o‘rganish hujjatlariga imzosini qo‘yib berdi. Iste’molchiga sifatsizligi da’vo qilingan tovarlarni sotuvchi qo‘liga topshirishi bilan pullarini qaytarib olishi mumkinligi tushuntirilib yozma javob xati yuborildi.
Nigora Usmonova,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий