Qonunlar ijrosini ta’minlashda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari “Tayanch guruhlari bilan ishlash oyligi”ni o‘tkazish to‘g‘risidagi Federatsiya topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida hududdagi Federatsiya tayanch guruhi faollari va a’zolari ishtirokida turli targ‘ibot va tushuntirish tadbirlarini o‘tkazib kelmoqdalar. Bugun Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tuman bo‘limida tashkillangan tayanch guruhi a’zolari ishtirokida ham shunday tadbirlardan biri o‘tkazildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad tayanch guruhlari a’zolariga Federatsiya va uning hududiy tuzilmalarida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotlar berib o‘tish, Federatsiya a’zolarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarish, ularni sohaga oid masalalardagi muammolarini tinglash, sohani yanada rivojlantirish masalalarida o‘zaro fikr va mulohazalar almashib borishdan iborat.

Tadbirda ishtirokchilarga Federatsiya va uning tuzilmalari faoliyati haqida axborotlar berish barobarida, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Federatsiya o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik va ijtimoiy sheriklik yo‘nalishidagi ishlarni olib borish, aholi murojaatlari bilan ishlash va ularni samarali hal qilishdagi hamkorlik, amaldagi qonunchilik mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazish va buning oqibatida jamoatchilik vakillarida qonunga hurmat hissini shakllantirish masalalarida ham o‘zaro fikr va mulohazalar almashildi.

Jahongir Nishonboyev
Farg‘ona tuman jamiyati mutaxassisi