Ijtimoiy tarmoq orqali qilingan buyurtma bajarilmagach iste’molchining 160 ming so‘mi qaytarildi
Onlayn savdo xizmatlaridan foydalanuvchilar soni ortib borayotgani sayin internet orqali tovar buyurtma qilish bilan bog‘liq murojaatlar ham ko‘paymoqda. Bunday holatlarda iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, ularga huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tizimining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Farg‘ona tumani Beruniy mahallasida yashovchi fuqaro G. A. ijtimoiy tarmoq orqali mahsulot buyurtma qilib, sotuvchiga 160 ming so‘m miqdorida oldindan to‘lov amalga oshirgan. Biroq belgilangan muddat o‘tganiga qaramasdan, mahsulot yetkazib berilmagan va sotuvchi bilan bog‘lanish ham samara bermagani sababli iste’molchi huquqiy yordam so‘rab murojaat qildi.
Murojaat dastlab huquqni muhofaza qiluvchi organlar orqali tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, keyinchalik O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi hamda Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yuborildi. Mutaxassislar tomonidan holat atroflicha o‘rganilib, murojaat yuzasidan huquqiy choralar ko‘rildi.
Olib borilgan tushuntirish va amaliy ishlar natijasida sotuvchi bilan bog‘lanilib, iste’molchining talabi qonuniy asosda ko‘rib chiqildi. Natijada mahsulot uchun oldindan to‘langan 160 ming so‘m mablag‘ fuqaroning bank plastik kartasiga to‘liq qaytarib berildi.
Murojaat ijobiy hal etilganidan so‘ng iste’molchi muammosi qisqa muddatda bartaraf etilgani uchun jamiyat xodimlariga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Ushbu holat internet orqali savdo qilishda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari samarali ishlayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Agar onlayn xarid jarayonida mahsulot yetkazib berilmasa, oldindan to‘langan mablag‘ qaytarilmasa yoki boshqa huquqbuzarliklarga duch kelinsa, iste’molchilar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilib, o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilishlari mumkin.



Post Comment